tpl.if.ua
Sahifalar

Форум
MP3
Ислом
Фотоалбом
Шоу бизнес
Севги
Дунё хабарлари
Кизикарли хабарлар
Спорт янгиликлари
Кино олами
Жахон юлдузлари
Машхурлар хаёти
Пазандачилик
Авто олам
Табриклар
Фанатлар
Танишамиз
СмС Шерлар
Компютерингиз учун
Телефонингиз учун
Online тв ва fm pадио
Технологиялар
Web мастер
Сайт жуфтликлари
Смс юбориш
Сайт Конун - Коидалари
Шоир ва Шоираларимиз


Mini chat

 


Ob havo
??????.??????
??????.??????

Ovoz Bering!

Сайтимз хакида фикрингиз
Барча жавоблар: 344


So'ngi Foydalanuvchilar

Aldipova

16.01.2017


Asmucova

15.01.2017


Abjetova

14.01.2017


RichardHIX

01.11.2016


Joshuaer

18.03.2016


Hisoblagich


-----------------------


-----------------------

[ Bugun saytga kirgan foydalanuvchilar ]
-----------------------






[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
Форум » Дилимизда Ислом » Куръон тафсири узбек тилида » 06. "An'om"
06. "An'om"
Mohigul77Дата: Пайшанба, 11.03.2010, 22:38 | Сообщение # 1
Оила
Группа: Админ
Сообщений: 2292
Репутация: 15
Статус: Offline
AN’OM SURASI
Makkada nozil qilingan va bir yuz oltmish besh oyatdan iborat bu surada so‘z e’tiqod va iymon mohiyati ustida boradi. U mavzu e’tibori bilan Madinada nozil bo‘lgan Baqara, Ol-i Imron, Niso va Moida suralaridan keskin farq qiladi. Bu surada islomiy jamiyatning o‘ziga xos belgilari — ro‘za, haj, oilaviy masalalar yoki jihod hukmlari, yoxud ahli kitoblar va boshqalar xususida so‘zlanmaydi. Balki unda e’tiqod va iymonga aloqador markaziy masalalar — Allohning zoti va sifatlari, vahiy va payg‘ambarlik mohiyati hamda qayta tirilish va qiyomat kunida bo‘ladigan hisob-kitob borasida so‘z yuritiladi. «An’om»dagi oyatlar Alloh yaratuvchilikda ham, shariat qonunlarida ham, ma’budlikda ham yagona, deb uqtiradi. Yana u payg‘ambarlar otasi - Ibrohim alayhis-salom va uning zurriyotidan bo‘lgan bir qancha payg‘ambarlar haqida hikoya qiladi. Bulardan tashqari, yashab turgan dunyomiz inson uchun sinov-imtihon olami ekanligi aytilib, inson bu dunyoda Allohning xalifasidir, deb ta’kidlanadi. Binobarin, bu dunyoni obod-osoyishta qilish ham, xarob-vayronaga aylantirish ham insonning o‘z qo‘lida ekanligi yana bir bora eslatib o‘tiladi. Boshqa suralar bo‘linib-bo‘linib, har xil muddatlarda nozil qilingani holda bu sura Makkada bir kechada daf’atan to‘la nozil bo‘lgan. Bu surada yana chorva hayvonlari va ular haqidagi xukmlar ham bayon etilgani uchun u «An’om» — «Chorvalar» deb ataladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Hamdu sano osmonlar va yerni yaratgan, zulmatlar va nurni taratgan Alloh uchundir. So‘ngra (ya’ni Uning shunday yagona ekanligi haqidagi hujjatlarnk ko‘ra turib) kofir bo‘lgan kimsalar Parvardigorlariga (o‘zgalarni) tenglashtiradilar.

2. U sizlarni (Otangiz Odam Atoni) loydan yaratib, so‘ngra ajalni (ya’ni tiriklik muddatini) belgilab qo‘ygan zotdir. Uning huzurida yana bir belgilangan ajal (ya’ni tirilish muddati) bordir. Shundan keyin ham sizlar (ey kofirlar) shakshubha qilmoqdasiz.

3. U osmonlaru yerdagi yakkayu yagona Allohdirki, sizlarning yashirgan va oshkor qilgan narsangizni ham, qilgan kasbu koringizni ham bilur.

4. Ularga (ya’ni kofirlarga) Parvardigorlarining oyatlaridan biron oyat kelsa, albatta, undan yuz o‘giruvchi bo‘ldilar.

5. Ularga haq (Qur’on) kelganda uni ham yolg‘on dedilar. Endi yaqinda ularga o‘zlari masxara qiluvchi bo‘lgan narsaning xabarlari kelajak (ya’ni Qur’onda aytilgan xabarlar haq ekanligini bilib oladilar).

6. Ulardan ilgari necha asrlarni (zamonlarni) halok qilganimizni ko‘rmadilarmi?! Ularga (ya’ni o‘sha asrlarda yashagan odamlarga) yerda sizlarga bermagan joylarni bergan, ustlaridan samoni (ya’ni yomg‘irni) serob qilib yuborgan, ostlaridan daryolarni oqizib qo‘ygan edik. Bas, gunoxlari sababli o‘shalarni ham halok qildik va ulardan so‘ng yana boshqa asrlarni paydo qildik.

7. (Ey Muhammad), agar sizga qog‘ozga (yozilgan) bir maktub tushirsak va uni qo‘llari bilan ushlab ko‘rsalar ham kofir bo‘lgan kimsalar: “Bu ochiq sehrdan o‘zga narsa emas!”, degan bo‘lur edilar.

8. «Unga (ya’ni Muhammadga payg‘ambarligini tasdiq etadigan) biron farishta tushsa edi», dedilar. Agar farishta tushirsak, ish tugatilgan bo‘lur edi. So‘ngra ularga qarab turilmas.

I z o h. Buni shunday tushunmoq lozim: agar osmondan ular talab etgan farishta tushsa-yu, shundan keyin ham iymon keltirmay kufrlarida oyoq tirab turib olsalar, «ish tugatilgan», ya’ni hech qanday muhlat berilmay, ular darhol halok qilingan bo‘lur edilar. Ayrim ishonmaydigan kimsalar: «Agar payg‘ambar bizga o‘xshagan odam ekan, farishta bo‘lganida unga iymon keltirardik», deganlarida, ularga javoban quyidagi oyat nozil bo‘ldi.

9. Agar uning (payg‘ambarning) o‘zini farishta qilsak ham, uni er kishi (ya’ni inson suratida) qilgan va ularga noaniq holda turgan narsani yana xiralashtirgan bo‘lur edik.

I z o h . Chunki farishtalar nurdan yaratilgan bo‘lganlari uchun agar inson suratiga kiritilmasa, kishilar ularni ko‘ra olmaydilar. Inson suratida ko‘rganlarida esa farishta ekanligiga ishonmaydilar.

10. (Ey Muhammad), sizdan avval o‘tgan payg‘ambarlarning ustidan ham kulingan. So‘ng ularni masxara qilgan kimsalarni o‘sha kulgilari o‘rab, (domiga tortib) ketgan (ya’ni halok qilgan).

11. Ayting: «Yerni aylanib sayru sayohat qilinglar, so‘ngra (payg‘ambarlarni) yolg‘onchi qilguvchilarning oqibati qandoq bo‘lganini ko‘ringlar».

12. Ayting (so‘rang): «Osmonlar va yerdagi narsalar kimniki?» Ayting: «Allohniki». U O’z ustiga osmonu yerdagi bor mavjudotga rahmat-marhamat qilishni yozib qo‘ygandir. U albatta sizlarni hech shak-shubhasiz bo‘lgan qiyomat kuniga to‘playdi. Faqat o‘zlariga ziyon qilgan kimsalargina iymon keltirmaydilar.

13. Kecha va kunduzga jo bo‘lgan bor narsa Uningdir. U eshitguvchi, bilguvchidir.

14. Ayting: «O’zi rizqlanmay (taomlanmay barchani taomlantirgan) holida osmonlar va yerning yaratguvchisi bo‘lgan Allohdan o‘zgani do‘st tutaymi?!» Ayting: «Albatta, men Allohga bo‘yinsunguvchi kishilarning avvalgisi bo‘lishga ma’murman (amr qilinganman)». Hargiz mushriklardan bo‘lmang!

15. Ayting: «Albatta, men agar Parvardigorimga itoatsizlik qilsam, ulug‘ kunda (qiyomatda Alloh tomonidan) bo‘ladigan azobdan qo‘rqaman».

16. O’sha kunda kimdan (azob) chetlatilsa, bas, unga Alloh rahm qilibdi. Mana shu ochiq najotdir!

17. Agar Alloh sizni (kambag‘allik, xastalik kabi) biron ziyon bilan ushlasa, bas, uni faqat O’zigina aritguvchidir. Agar sizni biron yaxshilik bilan ushlasa, bas, bilingki, U hamma narsaga qodirdir.

18. Uning o‘zi bandalari ustida g‘olibdir. Uning O’zi hikmat sohibi (har narsadan) ogohdir.

19. Ayting (so‘rang): «Qay narsa eng ulug‘ guvoh bo‘lur?» Ayting: «Alloh. U men bilan sizlarning o‘rtamizda guvoxdir. Sizlarni va Qur’on-etib borgan kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishim uchun menga — mana shu Qur’on vahiy qilindi. Sizlar haqiqatan xam: «Alloh bilan birga boshqa xudolar ham bor, deb guvoxlik bera olasizmi?» Ayting: «Men bunday guvoxlik bermayman!» Ayting: «Hech shak-shubhasiz Alloh yakkayu yagonadir. Albatta men sizlarning shirkingizdan pokman».

20. Biz kitob ato qilgan kimsalar (ya’ni yahudiy va nasroniylar) uni (Muhammad payg‘ambarni) o‘z bolalarini tanigan kabi taniydilar. O’zlariga ziyon qilgan kimsalargina iymon keltirmaydilar.

21. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki Uning oyatlarini yolg‘on degan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Albatta, bunday zolimlar najot topmaslar.

22. Ularning barchalarini to‘plab, so‘ngra mushrik bo‘lgan kimsalarga sizlar: «(Allohning sheriklari deb) gumon qilgan butlaringiz qani?!» — deb so‘raydigan Kunimizni (eslang)!

23. Keyin ularning aldov-yolg‘onlari faqat shu bo‘lur: «Parvardigorimiz Allohga qasamki, bizlar mushrik emas edik».

24. (Ey Muhammad), ular (barcha sirlarni bilguvchi bo‘lgan Alloh taolo huzurida yolg‘on so‘zlash bilan) o‘zlarini qanday aldaganliklarini va to‘qib olgan «xudolari» yo‘q bo‘lib qolganligini ko‘ring!

25. Ulardan sizga quloq tutadiganlari ham bor, (lekin) Biz uni (Qur’onni) anglamasliklari uchun dillarini pardalab, quloqlarini og‘ir qilib qo‘ydik. Ular bor oyatlarni (mo‘‘jizalarni) ko‘rsalar ham, u (oyat)larga iymon keltirmaydilar. Hattoki siz bilan janjallashgani oldingizga kelgan paytlarida ham, kofir bo‘lgan kimsalar: «Bu (Qur’on) faqat avvalgilardan qolgan afsonalar, xolos», deydilar.

26. Ular (o‘zgalarni) undan (Qur’ondan) qaytaradilar va o‘zlari ham undan chetlanadilar. Ular o‘zlari sezmagan hollarida faqat o‘zlarini halok qiladilar, xolos.

27. (Ey Muhammad), ularni do‘zax ustida turg‘azib qo‘yilgan paytlarida: «Orzu edi, (dunyoga) qaytarilsak va Parvardigorimizning oyatlarini yolg‘on demay, mo‘minlardan bo‘lsak», deganlarini ko‘rsangiz edi.

28-29. Yo‘q, (iymonga kelmaydilar. Faqat hozir) ularga ilgari yashirib yurgan narsalari oshkor bo‘lib qoldi, xolos. Agar (dunyoga) qaytarilsalar, shubhasiz, o‘zlari, man’ qilingan ishlarga qaytadilar — albatta ular yolg‘onchidirlar — va: «Hayot faqat dunyodagi hayotimizdir. Biz hech qayta tirilguvchi emasmiz», deb aytadilar.

30. Ularni Parvardigorlari huzurida turg‘azib qo‘yilgan paytlarida, Alloh: «Mana shu tirilish haq emasmi?!» — deganida, ular: «Parvardigorimizga qasamki, haq ekan», deganlarini, Alloh esa: «Mana endi kofir bo‘lib o‘tganingiz sababli azob chekingiz!» — deb javob qilganini ko‘rsangiz edi.

31. To to‘satdan qiyomat kelib qolganda, ustlariga gunohlarini orqalab olgan hollarida: «U (dunyo)da qilgan sustkashligimizga hasrat-nadomatlar bo‘lg‘ay», deb qoladigan paytlarigacha Allohga ro‘baro‘ bo‘lishni yolg‘on deb yurgan kimsalar o‘zlariga ziyon qiladilar. Ular naqadar yomon narsani orqalab yuradilar-a!

32. Bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgidir, xolos. Albatta, Allohdan qo‘rqadigan kishilar uchun oxirat diyori yaxshiroqdir. Aql yurgazmaysizlarmi?!

33. (Ey Muhammad), ularning gaplari shak-shubhasiz sizni mahzun qilishini bilurmiz. Zotan, ular sizni yolg‘onchi qilmaydilar, balki bu zolimlar Allohning oyatlarini inkor qiladilar.

34. Ma’lumki, sizdan avvalgi payg‘ambarlar ham yolg‘onchi qilinganlar. Bas, to ularga Bizning yordamimiz kelgunicha yolg‘onchi qilinganlari va ozorlanganlariga sabr qilganlar. Allohning («Payg‘ambarlarimni O’zim qo‘llagayman») degan so‘zlarini o‘zgartira olguvchi biron kimsa yo‘qdir. Axir sizga (ey Muhammad), o‘tgan payg‘ambarlarning ayrim xabarlari kelgan-ku!

35. Agar sizga ularning yuz o‘girishlari og‘ir botib (sabr qila olmasangiz), u holda yerga (kirib ketadigan) biron teshik yoki osmonga (chiqib ketadigan) biron narvon istab, ularga oyat-mo‘‘jiza (topib) keltirishga qodir bo‘lsangiz (shunday qilavering). Agar Alloh xohlaganda albatta ularni hidoyat ustida birlashtirgan bo‘lur edi-ku! Bas, hargiz johillardan bo‘lmang!

36. Albatta, eshita oladigan zotlargina (sizning da’vatingizni) qabul qilurlar. O’liklarni (kofirlarni) esa Alloh tiriltirur. So‘ngra O’ziga qaytarilurlar.

37. «Unga (ya’ni Muhammadga) Parvardigoridan biron oyat-mo‘‘jiza tushirilsa edi», dedilar. Ayting: «Albatta, Alloh (ular istagan) oyatni tushirishga qodirdir. Lekin ularning ko‘plari (o‘sha mo‘‘jiza tushganidan keyin ham inkor qilsalar, qanday balo kelishini) bilmaydilar.

38. Yerda sudralib yurgan har bir jonivor, osmonda qanot qoqayotgan har bir qush xuddi sizlar kabi (Bizning qo‘l ostimizdagi) jamoalardir. Kitobda (ya’ni taqdiri azal kitobida) biron narsani qo‘ymay (yozganmiz). Keyin hammalari Parvardigorlari dargohiga to‘planurlar.

39. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar zulmatlarda qolgan karsoqovdirlar. Alloh xoxlagan kishisini adashtirur, xoxlagan kishisini To‘g‘ri yo‘lda (barqaror) qilur.

40. Ayting (ey Muhammad,): «Allohdan o‘zga ilohlar bor» degan so‘zingizda) rostgo‘y bo‘lsangizlar, xabar beringiz-chi, agar sizlarga Allohning azobi kelsa yoki qiyomat qoyim bo‘lsa, Allohdan o‘zgaga duo-iltijo qilasizlarmi?!

41. Yo‘q, Uning O’zigagina iltijo qilasizlar, bas, U agar xohlasa, sizlar duo-iltijo qilgan narsani (balo-musibatni) aritur. Allohga sherik deb biladigan butlaringizni esa unutib yuborursizlar.

42. (Ey Muhammad), ma’lumki, sizdan avvalgi millatlarga ham elchilar yuborganmiz. (Elchilarimizni ular yolg‘onchi qilishgach), shoyad tavba-tazarru qilsalar, deb ularni balo va ziyonlar bilan ushlaganmiz.

43. Bizning baloyimiz yetganda ham tazarru qilmadilarmi?! (Albatta tavbatazarru qilishlari lozim edi), lekin ularning dillari qotib qolgan va shayton qilib yurgan ishlarini o‘zlariga chiroyli ko‘rsatib qo‘ygandir.

44. Endi — o‘zlari uchun eslatma qilib berilgan narsani unutgan vaqtlarida, ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. Qachonki o‘zlariga berilgan narsalar bilan shod turganlarida, ularni to‘satdan ushladik. Bas, butunlay nomurod bo‘ldilar.

45. Bas, butun olamlarning Parvardigori Allohga xamd bo‘lsinki, zolim qavmning dumlari qirqildi (halok qilindilar).

46. Ayting (ey Muhammad); «Xabar beringiz-chi, agar Alloh quloq va ko‘zlaringizni tortib olsa va dillaringizni muhrlab qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi bir iloh u a’zolarni sizlarga keltirib berur?» Qarang, Biz oyatlarni qanday bayon qilmoqdamiz, so‘ngra ular yuz o‘girmoqdalar.

47. Ayting: «Xabar beringiz-chi, agar sizlarga Allohning azobi to‘satdan yoki ochiqdan-ochiq (ya’ni kechasi yoki kunduzi) kelsa, zolim qavmdan o‘zga birov halok qilinurmi?! (Yo‘q, faqat zolim qavm, ya’ni sizlar halok qilinursizlar).

48. Biz payg‘ambarlarni faqat (jannat haqida) xushxabar eltguvchi va (do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi bo‘lgan hollardagina yuboramiz. Bas, kimlar iymon keltirib, (o‘zlarini) tuzatsalar, ularga xavfu xatar yo‘qdir va ular g‘amgin bo‘lmaslar.

49. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar esa itoatsiz bo‘lganlari sababli azobga giriftor bo‘lurlar.

50. Ayting (ey Muhammad): «Sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari mavjud», demaymai va g‘aybni ham bilmayman. Yana sizlarga: «Men farishtaman», ham demayman. Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman». Ayting: «Ko‘r bilan ko‘rguvchi (ya’ni yo‘lsiz bilan Allohning yo‘lida yurguvchi) kishi barobar bo‘lurmi?! Tafakkur qilmaysizlarmi?!»

51. (Ey Muhammad), bu (Qur’on) bilan o‘zlari uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir oqlovchi bo‘lmagan holda Parvardigorlari dargohida to‘planishdan qo‘rqadigan zotlarni qo‘rqiting! Shoyad ular (gunoh ishlardan) parhez qilsalar.

52. Ertayu kech Parvardigorlarining yuzini istab, Unga iltijo qiladigan zotlarni (huzuringizdan) haydamang! Sizning zimmangizda ularning hisob-kitoblaridan hech narsa yo‘qdir va sizning hisob-kitobingizdan ularning zimmalarida hech narsa yo‘qdir. Bas, ularni haydab zolimlardan bo‘lib qolmang!

53. «Bizlarning oramizdan ana o‘shalarga Alloh in’om qilgan emishmi?» — deyishlari uchun ularning ba’zilarini bazilari bilan ana shunday imtihon qildik. Axir shukr qilguvchilarni Alloh yaxshiroq bilguvchi emas-mi?!

I z o h . Yuqoridagi ikki oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgan. Ma’lumki, payg‘ambar alayhis-salomga iymon keltirib, itoat etgan kishilarning ko‘pchiligi kambag‘al-bechoralar edi. Ular kechayu kunduz sidqidildan Allohga ibodat qilar edilar. Buni ko‘rgan Makka zodagonlari payg‘ambar alayhis-salomga: «Agar mana shu yalangoyoqlarni huzuringdan xaydaganingda bizlar senga ergashar edik», deyishadi. Shunda payg‘ambarning ko‘ngillari bo‘linmasligi uchun yuqoridagi: «Bas, ularni haydab zolimlardan bo‘lib qolmang!» — degan kalimalar bilan tugallangan oyat nozil bo‘ladi. Keyin esa mushriklar: «Agar Muhammadning yo‘li haq bo‘lganida o‘sha yo‘lga bizlar yurgan bo‘lur edik. Chunki tangri hech qachon bizdek zodagonlarni qo‘yib, u yalangoyoqlarga to‘g‘ri yo‘lni in’om etmaydi», deb da’vo qiladilar. Qur’on bu holni boylarni kambag‘allar bilan imtihon qilish, deb atab: «Axir shukr qilguvchilarni Alloh yaxshiroq bilguvchi emasmi?» deydi.

54. Qachon sizning oddingizga Bizning oyatlarimizga iymon keltiradigan zotlar kelsalar: «Sizlarga tinchlik bo‘lsin, Parvardigoringiz O’z zimmasiga rahmat qilishni yozgandir. Sizlardan kim bilmasdan biron yomonlik (gunoh) qilsa, so‘ngra o‘sha yomonligining ketidan tavba qilib, (o‘zini) tuzatsa, bas, (gunohi kechiriladi), albatta (Alloh) mag‘firatli, mehribondir», deb ayting.

55. (Haqiqiy mo‘minlar kimlar ekani ma’lum bo‘lishi) va jinoyatchi kimsalarning yo‘li oshkor bo‘lishi uchun oyatlarimizni mana shunday mufassal qilurmiz.

56. Ayting: «Men Allohdan o‘zga – sizlar iltijo qilayotgan butlarga bandalik qilishdan qaytarilganman». Ayting: «Sizlarning havoyi-nafslaringizga ergashmayman. Zero u holda yo‘ldan ozurman va hidoyat topguvchilardan bo‘lmay qolurman».

57. Ayting: «Men Parvardigorim tarafidan (Uning yolg‘iz ma’bud ekanligi xususida) aniq hujjatga egaman. Sizlar esa uni yolg‘on dedingiz. Sizlar shoshtirayotgan narsa (ya’ni Allohning azobi) mening ilgimda emas. Hukm qilish faqat Allohning O’ziga xosdir. U faqat haqni so‘ylar. U (haq bilan nohaqni) ajratguvchilarning eng yaxshisidir.

58. Ayting: «Agar sizlar shoshtirayotgan narsa mening ilgimda bo‘lganida edi, albatta sizlar bilan o‘rtamizdagi ish tugagan bo‘lur edi (ya’ni men sizlarni darhol azoblagan bo‘lur edim). Alloh zolimlarni juda yaxshi bilguvchidir».

59. G’ayb ochqichlari Uning huzuridadirkim, ularni yolg‘iz O’zigina bilur. U quruqlik va dengizdagi bor narsalarni bilur. Biron barg shoxidan uzilib tushmas, magar U bilur. Yer tublaridagi har bir don, bor ho‘lu quruq narsa, albatta, Ochiq Kitobda (ya’ni Allohning ilmi azaliysida) mavjuddir.

60. U kechasi «joningizni oladigan» (ya’ni uyqu beradigan), kunduzi qilgan ishingizni biladigan zotdir. So‘ngra aytilgan ajal (yashash uchun berilgan muhlat) ado qilinishi uchun unda (ya’ni kunduzi) sizlarni «tiriltirur». Keyin O’ziga qaytishingiz bordir. So‘ngra sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berur.

61. U bandalari ustida g‘olib bo‘lgan zotdir. Ustingizga (qilgan amallaringizni) yodlab olguvchi farishtalarni elchi qilib yuborur. Qachonki birovingizga o‘lim kelsa, elchilarimiz, sustkashlik qilmagan hollarida, uning jonini olurlar.

62. So‘ngra (bandalar) haqiqiy hojalari — Allohga qaytarilurlar. Ogoh bo‘lingizkim, hukm qilish Uning O’zigagina xosdir va U juda tez hisob-kitob qilguvchidir.

63. Ayting (ey Muhammad): «Qasamki, agar bizga mana shu (balolardan) najot bersa, albatta shukr etguvchilardan bo‘lurmiz, deb oshkora va xufyona tavbatazarru qilgan holda, iltijolar qiladigan paytingizda, sizlarga quruqlik va dengiz balolaridan kim najot berur?»

64. Ayting: «Allohning O’zi sizlarga u (balo)lardan va barcha g‘amlardan najot berur. So‘ngra sizlar yana shirk keltirursiz!»

65. Ayting: «U sizlarga ustingizdan yo oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga, yoki sizlarni guruh-guruh qilib aralashtirib yuborib, (jangu jadallarda) ayrimlaringizga ayrimlaringizning zararini totdirib qo‘yishga qodir bo‘lgan zotdir». Qarang, anglab yetarmikanlar, deb oyatlarimizni qanday bayon qilmoqdamiz

66-67. Qavmingiz uni (ya’ni Qur’onni) yolg‘on dedi. Holbuki, u haqdir. Ularga ayting: «Men ustingizda vakil — qo‘riqchi emasman. Har bir xabarning o‘z o‘rni bor. Yaqinda bilajaksiz».

68. Qachon Bizning oyatlarimizni (masxara qilishga) kirishayotgan kimsalarni ko‘rsangiz, to boshqa gapga kirishgunlaricha ulardan yuz o‘giring! Endi agar shayton yodingizdan chiqarsa, eslaganingizdan so‘ng bu zolim qavm bilan birga o‘tirmang!

69. Taqvo qilguvchi zotlar zimmasida u (qavm)ning hisob-kitobidan hech narsa yo‘q, lekin ular (oyatlarimizni masxara qilishdan) saqlanishlari uchun eslatib qo‘ymoq (lozimdir).

70. Dinlarini o‘yin-hazil qilib olgan, hayoti dunyoga aldanib qolgan kimsalarni tark qiling! Va uni (ya’ni Qur’onni, odamlarga) eslatib qo‘ying! Toki biron jon qiyomat kunida) kasb qilgan (gunohlari) sababli o‘zi uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir oqlovchi bo‘lmagan, agar bor narsani bersa ham — undan qabul qilinmaydigan holda, halokatga tashlanmasin. Qilgan amallari sababli (Allohning azobiga) tashlangan ana o‘sha kimsalar uchun qaynoq suvdan iborat ichimlik va kofir bo‘lganlari sababli alamli azob bordir.

71. Ayting: «Allohdan o‘zga, bizga foyda ham, ziyon ham keltirmaydigan narsaga iltijo qilamizmi va Alloh bizni hidoyat qilganidan so‘ng yana ortimizga qaytarilamizmi? Xuddi jinlar chalib, lol-hayron holda (noma’lum) yerga olib ketgan va do‘stlari: «Kel», deb hidoyatga chorlayotgan kimsaga o‘xshab-a?» Ayting: «Allohning hidoyatigina haq hidoyatdir. Biz barcha olamlar Parvardigoriga bo‘yinsunishga ma’murmiz (amr etilganmiz).

72. (Bizlarga) «Namozni to‘kis ado qilingiz va (Allohdan) qo‘rqingiz» (deb buyurilgandir). U (hammangiz qiyomat kunida) huzuriga to‘planadigan zotdir.

73. U osmonlar va yerni haqqi rost yaratgan zotdir. U: «Bo‘l», degan kuni (barcha narsa paydo) bo‘lur. Uning so‘zi haqdir. Sur chalinadigan (ya’ni qiyomat qoyim bo‘ladigan) kunda podshohlik yolg‘iz Unikidir. U g‘ayb va shahodatni (ya’ni yashirin va oshkora narsalarni) bilguvchidir. U hikmat sohibi va (barcha narsadan) xabardor bo‘lgan zotdir.

74. Eslang (ey Muhammad), Ibrohim otasi Ozarga: «Butlarni xudo qilib olyapsanmi? Men seni va qavmingni ochiq zalolatda deb bilaman», degan edi.

75. Shunday qilib Ibrohimga (o‘zi uchun hujjat qilib olishi) va aniq ishonuvchilardan bo‘lib qolishi uchun osmonlar va yer mamlakatlarini ko‘rsaturmiz.

76. Bas, qachonki uni tun o‘rab olganida yulduzni ko‘rib: «Mana shu Parvardigorim», dedi.

I z o h . Ibrohim alayhis-salom bu so‘zlarni e’tiqod qilib emas, balki yulduz, oy va quyoshni iloh deb sig‘inayotgan mushriklarga tanbeh bo‘lsin, deb aytgandirlar. U botib ketgach: «Botib ketguvchilarni suymayman», dedi.

77. Bas, qachonki chiqayotgan oyni ko‘rgach: «Mana shu Parvardigorim», dedi. U ham botib ketgach: «Qasamki, agar Parvardigorimning o‘zi meni hidoyat qilmasa, yo‘ldan ozgan qavmdan bo‘lib qolurman», dedi.

78. Bas, qachonki chiqayotgan quyoshni ko‘rgach: «Mana shu Parvardigorim. Mana shu kattaroq-ku!» — dedi. U ham botib ketgach: «Ey qavmim, men sizlarning shirkingizdan pokman.

79. Men haq yo‘lga moyil bo‘lgan holimda, yuzimni osmonlar va yerni yaratgan zotga qaratdim va men mushriklardan emasman», dedi.

80. Qavmi u bilan tortishgan edi: «Men bilan Alloh xususida tortishasizmi?! Axir (Uning O’zi) meni hidoyat qildi-ku?! Men sizlar Allohga sherik qilgan butlaringizdan qo‘rqmayman. (Chunki u butlar hech qanday ziyon yetkaza olmas), magar Parvardigorim xoxlagan narsagina (bo‘lur). Parvardigorim barcha narsani O’z ilmi bilan qamrab olgandir. Eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!» dedi.

81. Sizlar (Alloh) biron hujjat tushirmagan butlarni Allohga shirk qilishdan qo‘rqmaysiz-u, men sizlar Allohga sherik qilib olgan butlaringizdan qanday qo‘rqay?! Agar bilsangiz (ayting-chi), qaysi guruh (qo‘rqmay) xotirjam bo‘lishga haqliroq?»

82. Iymon keltirgan, o‘z iymonlarini zulm (shirk) bilan aralashtirmagan zotlar — ana o‘shalar xotirjam bo‘lguvchidirlar va o‘shalar hidoyat topguvchidirlar.

83. Mana shular Ibrohimga qavmi ustida bergan hujjatlarimizdir. Biz O’zimiz xohlagan kishilarni (mana shunday baland) darajalarga ko‘tarurmiz. Albatta, Parvardigoringiz xikmat egasi va bilguvchidir.

84. Unga (Ibrohimga farzandlari) Ishoq va Ya’qubni hadya etdik. Bularning barchalarini hidoyat qildik. Ilgari Nuhni ham hidoyat qilgan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham hidoyat qildik). Chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.

85. Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyosni (ham hidoyat qildik). Barchalari solih bandalardandir.

86. Ismoil, al-Yasa’ (Yusha’ payg‘ambar), Yunus va Lutni (ham hidoyat qildik) va barchalarini butun olamlardan afzal qildik.

87. Ularning ota-bobolaridan, zurriyotlaridan va birodarlaridan (ko‘plarini ham afzal qildik). Hamda ularni saylab, To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildik.

88. Bu Allohning hidoyati bo‘lib, u bilan bandalaridan O’zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Agar ular mushrik bo‘lganlarida kilgan amallari behuda ketgan bo‘lur edi.

89. Ana o‘sha zotlarga Kitob, Hikmat va payg‘ambarlik berganmiz. Bas, agar bu oyatlarni ana ular (ya’ni Makka mushriklari) inkor etsalar, Biz bu oyatlarni inkor qilmaydigan qavm (ya’ni mo‘min-musulmonlar) uchun tayyorlab qo‘yganmiz.

90. Ana o‘sha (yuqorida mazkur bo‘lgan zotlar) Alloh hidoyat qilgan kishilardir. Bas, o‘shalarning yo‘llarigagina ergashing! Ayting (ey Muhammad); «Men sizlardan buning uchun (ya’ni Qur’on uchun) haq so‘ramayman. Bu (Kitob) butun olamlar uchun eslatma (hujjat)dir, xolos».

91. (Yahudiylar): «Alloh basharga hech narsa nozil qilgan emas», degan paytlarida, Allohni to‘g‘ri taniy olmadilar. Ayting: «Odamlar uchun nur va hidoyat bo‘lgan holida Muso keltirgan, sizlar daftar qilib olib (ayrim oyatlarni) ko‘rsatib, (Muhammad payg‘ambar haqidagi) ko‘p (oyatlarini esa yashirib yuradigan va (undagi oyatlarda) na o‘zlaringiz va na ota-bobolaringiz bilgan narsalar bayon etilgan Kitobni (Tavrotni) kim nozil qilgan edi?! «Alloh!», deb javob qiling. So‘ngra ularni o‘zlari sho‘ng‘igan noto‘g‘ri yo‘llarida adashgan hollarida tark eting!

92. Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi kitoblarni tasdiqlaydigan, barcha qishloqlar (va shaharlarning onasi – markazi bo‘lmish (Makka ahlini) hamda uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun O’zimiz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga iymon keltiradigan kishilar unga ham iymon keltiradilar va ular namozlarini o‘z vaqtida ado qiladilar.

93. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki o‘ziga hech narsa vahiy qilinmagan holda: «Menga vahiy keldi», degan hamda: «Alloh nozil qilgan narsaning mislini (o‘xshashini) men ham nozil qila olaman», deb da’vo etgan kimsalardan ham zolimroq kim bor? (Ey Muhammad), bu zolimlarni o‘lim girdobida qolgan, o‘lim farishtalari qo‘llarini cho‘zib: «Jonlaringizni beringiz! Bu kun — Alloh sha’niga nohaq gaplarni aytganingiz va Uning oyatlaridan yuz o‘girib, kibru havo qilganingiz sababli xorlik azobi bilan jazolanadigan kuningizdir», deb turgan paytda bir ko‘rsangiz edi.

94. Mana, Bizning huzurimizga sizlarni avval-boshda qanday yaratgan bo‘lsak, shunday yolg‘iz holda keldingiz. Sizlarga bergan narsalarimizni ortingizda qoldiribsiz. Sizlar bilan birga o‘zingizcha Allohga sherik deb gumon qilgan — oqlovchilaringizni ham ko‘rmayapmiz. O’rtalaringiz (orangiz) uzilib qolibdi. Ishonib yurgan narsalaringiz — butlaringiz sizlardan yo‘q bo‘libdi!

95. Albatta, Alloh don va urug‘larni yorib-undirguvchidir. U o‘likdan tirikni chiqarur, o‘likni tirikdan chiqarguvchidir. Ana o‘sha zot Allohdir. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!

I z o h. Ulamolarning aytishlaricha, bu oyat qayta tirilish — oxirat borligiga dalildir. Ular — ulamolar: «Jonsiz nutfa yoki tuxumdan inson yoki parrandalarni chiqargan, inson, parrandalardan esa o‘sha jonsiz narsalarni chiqaradigan tangri shubhasiz tuproqqa aylangan jasadlarni ham qayta tiriltirishga qodirdir», deydilar.

96. (U zulmatni yorib) tongni chiqarguvchidir. U kechani sukunat – orom qilib qo‘ydi, quyosh va oyni esa hisob o‘lchovi qildi. Bu qudratli va bilguvchi zotning o‘lchovidir.

97. U quruqlik va dengiz zulmatlarida yo‘l topishingiz uchun sizlarga yulduzlarni yaratib qo‘ygan zotdir. Biladigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qildik.

98. U sizlarni bir jondan (Odam alayhis-salomdan) paydo qilgan zotdir. Bas, (sizlar uchun ona qorni) qarorgoh va (ota pushti) omonat turadigan joydir. Anglaydigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qildik.

99. U osmondan suv tushirgan zotdir. Bas, u suv yordamida har turli nabototni chiqardik. Undan esa giyoxlarni chiqardik. Undan (giyohdan) ustma-ust bo‘lgan donlarni (ya’ni boshoqlarni) chiqarurmiz. Xurmo novdalaridan (yig‘ib-terib olguvchilar uchun) yaqin boshlar-gujumlar (bo‘lur). Yana uzumzor toklarni hamda (barglari) bir-biriga o‘xshagan, (mevalari esa) o‘xshamaydigan zaytun va anorlarni (chiqarurmiz). (Ey insonlar), ularning har birini meva tukkan paytidagi mevasiga va keyin pishgan holiga boqing! Albatta, bunda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-mo‘‘jizalar mavjuddir.

100. Allohga jinlarni sherik qildilar (ya’ni jinlarni ham xudo deb bildilar). Holbuki, ularni (Allohning) O’zi yaratgan edi. Yana Uning uchun bilmagan hollarida o‘g‘il-qizlar «yasab» oldilar. U zot bular sifatlayotgan narsalardan (sheriklar va bolalardan) pok va yuksakdir.




Gul bo'lsayu hid bo'lmasa chaman hayf,
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf.
Peshonasi Sajda ko'rmay o'lib ketsa,
U bandaga janozayu kafan hayf!
 
Mohigul77Дата: Пайшанба, 11.03.2010, 22:38 | Сообщение # 2
Оила
Группа: Админ
Сообщений: 2292
Репутация: 15
Статус: Offline
101. U osmonlar va yerni paydo qilguvchidir. Uning jufti yo‘q-ku, qayoqdan bolasi bo‘lsin! U hamma narsani yaratdi va U hamma narsani bilguvchidir.
102. Mana shu Alloh Parvardigoringizdir. Hech handay iloh yo‘q, magar Uning o‘zi bordir. U hamma narsani yaratguvchidir. Bas, Unga bandalik qilingiz! U hamma narsaning ustidagi vakil - muhofaza qilguvchidir.

103. Ko‘zlar unga yeta olmas. U ko‘zlarga yetar! U mehribon va (har narsadan) ogoh zotdir.

104. Sizlarga Parvardigoringizdan hujjatlar kelmishdir. Kim (ularni) ko‘rsa, o‘zi uchun ko‘rur. Kim ko‘r bo‘lib olsa, o‘ziga ziyondir. Men sizlarning ustingizda qo‘riqchi emasman.

105. (Kofirlar: «Avvalgi kitoblardan» o‘rganib olgansan), deyishlari uchun va biladigan qavmga ravshan qilib berish uchun — oyatlarimizni mana shunday bayon qilurmiz.

106. (Ey Muhammad), Parvardigoringizdan sizga vahiy qilingan narsalarga ergashing! Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zi bordir. Mushriklardan yuz o‘giring!

107. Agar Alloh xohlaganida, ular mushrik bo‘lmagan bo‘lur edilar. Biz sizni ularning ustida qo‘riqchi qilib qo‘yganimiz yo‘q. Siz ularning ustida vakil ham emassiz!

108. Allohdan o‘zgaga siginadigan kimsalarni (butlarini) so‘kmangiz! U holda ular hadlaridan oshib, johillik bilan Allohni so‘kurlar. Har bir millatga o‘zlari qilgan amalni mana shunday chiroyli ko‘rsatib qo‘yganmiz. So‘ngra Parvardigorlariga qaytmoqlari bor. Bas, U zot ularga qilib o‘tgan amallarining xabarini berur.

109. Ular agar biron oyat - mo‘‘jiza kelsa, albatta iymon keltirishlari haqida jon-jahdlari bilan Alloh nomiga qasam ichdilar. Ayting: «Oyatlar faqat Allohning huzuridadir». Qaerdan bilursizlar (ehtimol) oyat kelgan vaqtda ham iymon keltirmaslar.

110. Va xuddi avval-boshda iymon keltirmaganlari kabi dil va ko‘zlarini aylantirib qo‘yurmiz va o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurgan hollarida tark qilurmiz.

SAKKIZINCHI JUZ’

111. Agar biz ularga farishtalarni tushirsak va o‘liklar (qabrlaridan tirilib kelib) ularga gapirsalar hamda barcha narsani (xaloyiqni) ularning oldida ochiq-ayon to‘plasak ham, iymon keltiruvchi bo‘lmaydilar, magar Alloh xohlasagina (iymon keltirurlar). Lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaydilar.

112. Shuningdek, har bir payg‘ambar uchun insu jin(dan bo‘lgan) shaytonlarni dushman qilib qo‘ydik. Ular bir-birlarini aldash uchun go‘zal (yaltiroq) so‘zlar bilan vasvasa qiladilar. Agar Parvardigoringiz xohlasa, unday qilmagan bo‘lur edilar. Bas, ularni tuhmat, bo‘htonlari bilan birga tark qiling!

113. Unday so‘zlarga oxiratga ishonmaydigan kimsalarning dillari moyil bo‘lishi uchun va o‘sha so‘zlarga rozi bo‘lishib, o‘zlari qilmoqchi bo‘lgan gunohlarini qilishlari uchun (u shaytonlar vasvasa qiladilar).

I z o h . Rivoyat qilishlaricha, Makka mushriklari payg‘ambar alayhis-salomga o‘zining payg‘ambarligini isbotlash uchun yahudiy, nasroniylardan hakam tayinlashni taklif qilganlarida quyidagi oyat nozil bo‘lgan ekan.

114. (Ey Muhammad, ularga ayting): «Allohdan o‘zgani hakam qilib olaymi?! Axir Uning O’zi sizlarga bu Kitob (Qur’onni) mufassal nozil qilgan zot-ku?» Biz Kitob bergan kimsalar (yahudiy va nasroniylar) uning (Qur’onning) Parvardigoringizdan haqqi rost nozil qilinganini bilurlar. Bas, hargiz shakshubha qilguvchilardan bo‘lmang!

115. Parvardigoringizning so‘zlari sidqu adolatda komil bo‘ldi. Uning so‘zlarini o‘zgartirguvchi yo‘qdir. U eshitguvchi, bilguvchidir.

116. Yer yuzidagi kimsalarning juda ko‘plariga itoat qiladigan bo‘lsangiz, sizni Allohning yo‘lidan ozdirurlar. (Zotan) ular faqat gumonlarigagina ergashurlar va faqat aldaydilar, xolos.

117. Albatta, Parvardigoringiz Uning yo‘lidan adashgan kimsalarni juda yaxshi bilguvchidir va U haq yo‘lda yurguvchilarni ham juda yaxshi bilguvchidir.

118. Bas, agar Allohning oyatlariga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar, Allohning nomi zikr qilingan narsalardan (ya’ni Allohning nomi aytilib so‘yilgan hayvonlarning go‘shtidan) yeyaveringlar.

119. Allohning nomi zikr qilingan narsalardan nima uchun yemas ekansizlar?! Axir U sizlarga harom qilingan narsalarni mufassal bayon qilgan-ku. Magar muztar bo‘lib qolgan holingizdagana (u narsalardan yeyishingiz mumkin). Shubhasiz, ko‘p (kishilar) o‘z hoyu-havaslari bilan bilmagan hollarida (o‘zlarini) yo‘ldan ozdirurlar. Albatta, Parvardigoringiz bunday tajovuzkor kimsalarni juda yaxshi bilguvchidir.

120. Gunohning ochig‘ini ham, maxfiysini ham tark qilingiz! Albatta, gunoh qilguvchi kimsalar o‘zlari qilib o‘tgan gunohlariga jazo olajaklar.

121. Allohning nomi zikr qilinmagan narsalardan yemangiz! Zotan, bu ish itoatsizlikdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlarini (ya’ni mushriklarny) sizlar bilan janjallashishlari uchun vasvasaga solurlar. Agar ularga bo‘yinsunsangizlar, hech shak-shubhasiz mushriklardan bo‘lib qolursizlar.

122. Avval o‘lik (kofir) bo‘lgan, so‘ngra biz uni (dinga hidoyat qilish bilan) tiriltirib, unga odamlar orasida o‘zi bilan birga olib yuradigan nurni (iymonni) berib qo‘yganimiz bir kishi — zulmatlarda qolib ketgan va undan hech chiquvchi bo‘lmagan kimsaga o‘xshaydimi?! (Mo‘minlarga iymonlari qanday chiroyli ko‘rinsa), kofirlarga ham qilayotgan amallari ana shunday chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘yildi.

123. (Xuddi Makka zodagonlarini fosiq-itoatsiz kimsalar qilganimiz kabi) har bir qishloqda o‘sha joyning kattalarini hiyla-nayranglar qiladigan jinoyatchilar qilib qo‘ydik. Ular faqat o‘zlarinigina aldaydilar, xolos, lekin o‘zlari sezmaydilar.

124. Qachon ularga (Muhammad alayhis-salomning payg‘ambar ekanligi haqida) biron oyat kelsa: «To bizga ham Allohning payg‘ambarlariga berilgan oyatlarga o‘xshash oyatlar berilmaguncha hargiz iymon keltirmaymiz», deydilar. Alloh payg‘ambarlik vazifasini qaerga qo‘yishni yaxshiroq bilguvchidir. Yaqinda bunday jinoyatkorlarga qilib o‘tgan hiyla-nayranglari sababli Alloh huzurida xorlik va qattiq azob yetajakdir.

125. Alloh kimni hidoyat qilishni istasa uning ko‘nglini Islom uchun keng qilib qo‘yar. Kimni adashtirishni istasa, uning ko‘nglini xuddi osmonga ko‘tarilib ketayotgandek, tor va tang qilib qo‘yar. Shuningdek, Alloh iymonsiz kimsalarga razolatni (g‘olib) qilur.

I z o h . Mazkur oyat Qur’on osmondan tushganligining dalillaridan biridir. Darvoqe, Makka va uning atroflari cho‘lu sahrolardan iborat bo‘lib, u yerlarda baland tog‘lar yo‘qdir. Bu oyatda esa osmonga ko‘tarilayotganda dilning tor va tang bo‘lishi, ya’ni nafas olish qiyinlashishi aytilmoqda. Osmonga ko‘tarilgan sari havo siyraklashib, nafas olish qiyinlashishini bilish uchun esa yo baland toqqa chiqib ko‘rish, yoki uchoqlarda uchish kerak. Makka sharoitida esa har ikki imkoniyat ham yo‘q edi. Demak, bu oyatlar yerninggina emas, balki osmonlarning ham sir-asroridan xabardor bo‘lgan zot tarafidan kelgan ekan.

126. Mana shu Parvardigoringizning To‘g‘ri Yo‘lidir. Eslatma-ibrat olguvchi qavm uchun oyatlarni batafsil qildik.

127. Ular uchun Parvardigorlari huzurida doru-s-salom – tinchlik diyori (ya’ni jannat) bordir. U zot (Alloh) qilib o‘tgan yaxshi amallari sababli ularning do‘stidir.

128. (Ey Muhammad, eslang: Alloh) ularning barchalarini to‘playdigan kunda: «Ey jinlar jamoasi, insonlardan juda ko‘pini (adashtirdingiz), der». Shunda u jinlarning insonlardan bo‘lgan do‘stlari: «Parvardigoro, bizlar bir-birimizdan foydalandik va O’zing biz uchun belgilab qo‘ygan ajalimizga yetib keldik», deganlarida, Alloh aytur: «Joyingiz do‘zaxdir! Unda abadiy qolursiz, magar Allohniig xoxishi bilangina (chiqishingiz mumkin)». Albatta, Parvardigoringiz hikmat va bilim sohibidir.

129. Shuningdek, qilib yurgan gunoxlari sababli zolim kimsalarni bir-birlariga do‘st qilib qo‘yurmiz.

130. Ey jin va ins jamoasi, sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar Mening oyatlarimni so‘zlagan ia sizlarni mana shu (ya’ni qiyomat) kuningizdagi uchrashuvdan qo‘rqitgan hollarida kelmadilarmi? Ular: «O’zimizning ziyonimizga guvohmiz (ya’ni, o‘sha payg‘ambarlar kelgan edi)», dedilar. Ularni hayoti dunyo aldab qo‘ydi va kofir ekanliklari haqida o‘zlariga qarshi guvohlik berdilar.

131. Bunga (ya’ni, avval payg‘ambarlar yuborib ogohlantirishga) sabab, Parvardigoringizning aholisi g‘ofil bo‘lgan qishloq-shaharlarni zulm bilan halok qilguvchi emasligidir.

132. Har kim uchun qilgan amallaridan darajot-savoblar bor. Parvardigoringiz ularning qilayotgan amallaridan g‘ofil emasdir.

133. Parvardigoringiz behojat va mehribondir. (Ey zolimlar), agar xoxlasa xuddi sizlarni boshqa qavmning zurriyotidan paydo qilgani kabi sizlarni ketkazib, ortingizdan istagan xalqni xalifa — o‘rinbosar qilur.

134. Albatta, sizlarga va’da qilinayotgan narsa (qayta tirilish, oxirat, qiyomat kuni) hech shak-shubhasiz keluvchidir. Sizlar (Allohni) ojiz qila olguvchi emassiz.

135. Ayting (ey Muhammad): «Ey qavmim, joyingizdan jilmay (ya’ni kufringizdan qaytmay) amalingizni qilavering. Men ham (Parvardigorim buyurgan) amalni qilguvchiman. Bas, yaqinda oxirat diyoridagi oqibat kimning foydasiga bo‘lishini bilajaksiz». Shubhasiz, zolim kimsalar najot topmaslar.

136. (Mushriklar) Alloh uchun Uning O’zi yaratgan ekin va chorvalardan bir ulush ajratib, o‘zlaricha: «Bu Alloh uchun, bu (qolgani) esa butlarimiz uchun», dedilar. Endi butlari uchun bo‘lgan ulush Alloh (ulushiga) qo‘shilmaydi. Alloh uchun bo‘lgan ulush esa butlariga qo‘shilaveradi. Naqadar yomon hukm chiqaradilar-a!

137. Shuningdek, shaytonlari mushriklarni halok etish va dinlarini chalkashtirib yuborish uchun ulardan ko‘plariga bolalarini o‘ldirishni (ya’ni, o‘z butlari uchun qurbon qilishni) chiroyli ko‘rsatib qo‘ydi. Agar Alloh xoxlaganida bu ishni qilmagan bo‘lur edilar. Bas, ularni tuhmat-bo‘htonlari bilan tark qiling!

138. Ular o‘zlaricha: «Mana bu hayvon va ekinlar harom, ularni faqat biz xoxlagan kishilargina (ya’ni butxona xizmatchilari va er kishilargina) yeydilar. Bu hayvonlarni esa minish harom qilingan, dedilar. Ular hayvonlarni (so‘yishda) Allohniig nomini zikr qilmaydilar, (balki butlarning nomini aytadilar va mana shu qilmishlarini Alloh amri deb) U zotga tuhmat qiladilar. Yaqinda bu tuhmatlari sababli ularga O’zi jazo berajak.

139. Ular: «Mana bu hayvonlarning qorinlaridagi narsalar faqat erkaklarimiz uchundir, xotinlarimizga esa haromdir», dedilar. Agar u narsa (ya’ni homila) o‘lik bo‘lsa, u holda hammalari sherikdirlar (ya’ni erkak-xotin hammalari yeyishaveradi). Yaqinda bunday (o‘zlaricha halol-harom deb) sifatlaganlari uchun ularga O’zi jazo berajak. Albatta, U hikmat va bilim sohibidir.

140. O’z bolalarini aqlsizlik qilib johillik bilan o‘ldirgan va Allohga tuhmat qilib Alloh bergan rizqni harom qilib olgan kimsalar muhaqqaqki, (o‘zlariga) ziyon qildilar. Ular aniq adashdilar va To‘g‘ri Yo‘lga yurguvchi bo‘lmadilar.

141. U (so‘ritoklarga) ko‘tariluvchi va ko‘tarilmaydigan bog‘larni, xurmozorlar va mevalarni, xilma-xil bo‘lgan ekinlarni, (barglari) bir-biriga o‘xshagan va (mevalari esa) o‘xshamagan zaytun va anorlarni yaratgan zotdir. Mevalaganda mevasidan yenglar, o‘rim-terim kunida (bechora-miskinlarga) haqqini beringlar va isrof qilmanglar! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmas.

142. Hayvonlardan yuk tashuvchilarni va (so‘yish uchun) yotqiziladigan hayvonlarni (yaratdi). Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalardan yenglar va (o‘zingizcha halol, harom deb) shaytonning izidan ergashmanglar! Albatta, u (shayton) sizlarga ochiq dushmandir.

143. Sakkizta juftni (yaratdi). Qo‘ydan ikkini (ya’ni erkak va urg‘ochini), echkidan ikkini (yaratdi). O’zlaricha harom qilib oluvchi mushriklarga ayting: «(Alloh bu hayvonlardan) ikkala erkagini harom qilganmi yo ikkala urg‘ochisinimi, yoki ikkala urg‘ochining bachadonlarida bo‘lgan homilanimi?! Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, biron hujjat bilan menga xabar beringlar-chi?!»

144. Tuyadan ikkini, qora moldan ikkini (yaratdi). Ayting: «Ikkala erkagini harom qilganmi yo ikkala urg‘ochisinimi, yoki ikkala urg‘ochining qorinlarida bo‘lgan homilanimi?! Yoki Alloh sizlarni shunga (ya’ni harom qilishga) buyurgan paytida guvoh bo‘lganmidingizlar?! Bilmagan holda odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Albatta, Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas.

145. Ayting: «Menga vahiy qilingan Qur’onda yeydigan kishi uchun xarom qilingan narsani ko‘rmayapman. Magar o‘laksa yo to‘kilgan qon, yoki to‘ng‘iz go‘shti bo‘lsa - chunki u haromdir,— yoxud Allohdan o‘zga uchun atalgan fosiqlik bo‘lsa (haromdir). Bas, kim zolim va tajovuzkor bo‘lmagan holda muztar bo‘lib qolsa (masalan, ochlikdan o‘lmaslik uchun, u narsalardan yeyish bilan gunohkor bo‘lmas, zero) Parvardigoringiz mag‘firatli, mehribondir.

146. Yahudiy bo‘lgan kimsalarga barcha tuyoqlilarni harom qildik. Mol-qo‘ydan ular uchun yog‘larni harom qildik. Magar biqinlaridagi yo ichlaridagi, yoki suyakka aralashgan yog‘largina (harom emasdir). Zolimliklari sababli ularni shunday jazoladik. Albatta, Biz rost so‘zlaguvchimiz.

147. Endi agar sizni yolg‘onchi qilsalar, ayting: «Parvardigoringiz cheksiz mehribondir, ammo Uning azobi biron jinoyatchi qavmdan qaytarilmas».

148. Hali mushrik bo‘lgan kimsalar: «Agar Alloh xoxlaganida biz ham, otabobolarimiz ham na mushrik bo‘lgan va na biron narsani harom qilib olgan bo‘lur edik», dedilar. Ulardan avvalgilari ham to azobimizni totgunlaricha (o‘z payg‘ambarlarini) mana shunday yolg‘onchi qilganlar. Ayting (ey Muhammad): «Huzuringizda bizga ko‘rsatadigan (aytayotgan so‘zlaringizni tasdiqlovchi) biron hujjatingiz bormi? Sizlar faqat gumonga ergashmoqdasiz, sizlar faqat yolg‘on so‘zlamoqdasiz!»

149. Ayting: «Yetuk hujjat faqat Allohning hujjatidir. Bas, agar xoxlaganida barchangizni hidoyat qilgan bo‘lur edi».

150. Ayting: «Alloh mana shu (mazkur narsalarni) harom qilganiga guvoxlik beradigan guvoxlaringizni keltiringiz!» Endi agar ular guvohlik bersalar ham, siz ular bilan guvoxlik bermang (ya’ni ularning bergan guvoxliklariga ishonmang)! Va Bizniig oyatlarimizni yolg‘on deydigan, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning havoyi nafslariga ergashmang! Ular Parvardigorlariga (o‘zgalarni) tenglashtirurlar.

151. Ayting: «Kelinglar, Parvardigoringiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beray. U zotga biron narsani sherik qilmangiz: ota-onaga yaxshilik qilingiz; bolalaringizni kambag‘allikdan (qo‘rqib) o‘ldirmangiz — Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz — buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmangiz; Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonlarni o‘ldirmangiz, magar haq bilan (ya’ni qasos olish uchun yo murtad bo‘lgani, yoki zino qilgani uchun shariat hukmi bilan o‘ldirishingiz mumkin). Shoyad aql yurgizarsiz, deb sizlarni mana shu narsalarga buyurdi.

152. Yetimning moliga to voyaga yetgunicha faqat eng chiroyli yo‘l bilan yaqinlashingiz! O’lchov va tarozini adolat bilan to‘la tortingiz! Biz hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaymiz. So‘zlaganingizda (guvoxlik berganingizda) garchi qarindoshingiz bo‘lsa ham adolat qilingiz! Allohga bergan ahdingizga vafo qilingiz! Shoyad eslatma (nasihat) olursiz, deb sizlarni mana shu narsaga buyurdi.

153. Albatta, mana shu Mening To‘g‘ri Yo‘limdir. Bas, shu yo‘lga ergashinglar! (Boshqa) yo‘llarga ergashmangizki, ular sizlarni Uning yo‘lidan uzib qo‘yar. Shoyad taqvo qilsangiz, deb sizlarni mana shu narsalarga buyurdi.

154. Yana (bilingizki), chiroyli amal qilgan zotlarga (ne’matimizni) komil qilib berish va barcha narsani aniq bayon qilish uchun hamda hidoyat va rahmat bo‘lsin, deb Musoga Kitob (Tavrot) ato etdik. Shoyad (bani Isroil) Parvardigorlariga ro‘baru bo‘lishlariga iymon keltirsalar.

155. Mana bu esa Biz nozil qilgan muborak Qur’ondir! Bas, unga ergashingiz va (Allohdan) qo‘rqingiz! Shoyad rahmatga erishsangizlar.

156-157. «Bizdan avvalgi ikki toifaga kitob nozil bo‘lgan, biz esa ularning darslarini o‘rganishdan g‘ofilmiz» demaslaringiz uchun yoki: «Agar bizga kitob nozil qilinganida, ulardan to‘g‘riroq yo‘lda bo‘lur edik», demaslaringiz uchun (sizlarga bu Qur’onni nozil qildik). Endi sizlarga Parvardigoringizdan hujjat, hidoyat va raxmat keldi. Bas, Allohning oyatlarini yolg‘on degan va ulardan yuz o‘girgan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Yaqinda oyatlarimizdan yuz o‘girgan kimsalarni yuz o‘giruvchi bo‘lganlari sababli yomon azob bilan jazolagaymiz.

158. Ular faqat o‘lim farishtalari kelishini yoki Parvardigoringizning (biron azobi) kelishini, yoki Parvardigoringizning oyatlaridan qiyomat alomatlaridan ayrimlari kelishini kutmoqdalar, xolos. Parvardigoringizning ayrim oyatlari keladigan kunda esa ilgari iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan biron jonga (endi keltirgan) iymoni foyda bermas. Ayting: «Kutaveringlar! Biz ham kutguvchilarmiz!»

159. Dinlarini bo‘lib, o‘zlari ham guruhlarga bo‘linib olgan kimsalar to‘g‘risidan biron narsada (mas’ul) emassiz. Ularning ishlari faqat Allohning o‘ziga havola. Keyin ularga qilib o‘tgan ishlarining xabarini berur.

160. Kim biron chiroyli amal qilsa, unga o‘n barobar qilib (qaytarilur). Kim biron yomon ish qilsa, faqat o‘shaning barobarida jazolanur va ularga zulm qilinmas.

161. Ayting: «Meni Parvardigorim To‘g‘ri yo‘lga, Rost dinga — Haq Yo‘lga moyil bo‘lgan Ibrohimning millatiga hidoyat qildi. U mushriklardan bo‘lmagan edi».

162-163. Ayting: (Ey Muhammad): «Albatta, namozim, ibodatlarim, hayotu mamotim butun olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir. U zotning bironta sherigi yo‘qdir. Mana shunga (ya’ni yagona Allohga ixlos-ibodat qilishga) buyurilganman. Va men bo‘yinsunguvchilarning avvali — peshqadamiman».

164. Ayting: «Allohdan o‘zgani Parvardigorim deyinmi?! Axir U barcha narsaning Parvardigori-ku?! Har bir jonning qilgan gunohi faqat o‘z ziyoniga bo‘lur. Hech bir ko‘targuvchi (ya’ni gunohkor jon) o‘zga jonning yukini (ya’ni gunohini) ko‘tarmas. Keyin Parvardigoringizga qaytishingiz bor. Bas, U sizlarga ixtilof qilib o‘tgan narsalaringizning (ya’ni qiyomatning) xabarini berur».

165. U sizlarni yerda xalifalar qilib qo‘ygan va O’zi ato etgan ne’matlar bilan sizlarni imtihon qilish uchun ayrimlaringizni ayrimlaringizdan yuqoriroq darajalarga ko‘tarib qo‘ygan zotdir. Albatta, Parvardigoringiz tezda jazolaguvchidir va albatta U mag‘firatli, mehribondir.


Gul bo'lsayu hid bo'lmasa chaman hayf,
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf.
Peshonasi Sajda ko'rmay o'lib ketsa,
U bandaga janozayu kafan hayf!
 
Форум » Дилимизда Ислом » Куръон тафсири узбек тилида » 06. "An'om"
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Saytga kirish
Salom: Мехмон




Sherlar

Faol izohchilar

Mohigul77

Izohlar: 2292


uzbstar

Izohlar: 1110


AnDiJoNLiK_BeZoRi

Izohlar: 700


Yagona-Birdona

Izohlar: 680


_Yagona_

Izohlar: 545


Sms yuborish






Reklama
Sizning shahsiy:
Portalingiz,
OFFICE
MAGAZIN
MAHSULOT
BIZNES
ISH REJASI
Unda ushbu joy siz uchun !!!
Sifatli va arzon narhlarda REKLAMA o'rnating!
Malumot uchun:
E-Mail: Infomehmon@mail.ru
TeL.: +998 93 256-37-00


Portal ma'muriyati
PortaL Administratori:
Egamberdi Botirov
?????@mail.ru - Infomehmon@maiL.ru
TeL.: +998 93 256-37-00






Barcha huquqlar himoyalangan © 2010