tpl.if.ua
Sahifalar

Форум
MP3
Ислом
Фотоалбом
Шоу бизнес
Севги
Дунё хабарлари
Кизикарли хабарлар
Спорт янгиликлари
Кино олами
Жахон юлдузлари
Машхурлар хаёти
Пазандачилик
Авто олам
Табриклар
Фанатлар
Танишамиз
СмС Шерлар
Компютерингиз учун
Телефонингиз учун
Online тв ва fm pадио
Технологиялар
Web мастер
Сайт жуфтликлари
Смс юбориш
Сайт Конун - Коидалари
Шоир ва Шоираларимиз


Mini chat

 


Ob havo
??????.??????
??????.??????

Ovoz Bering!

Сайтимз хакида фикрингиз
Барча жавоблар: 344


So'ngi Foydalanuvchilar

Aldipova

16.01.2017


Asmucova

15.01.2017


Abjetova

14.01.2017


RichardHIX

01.11.2016


Joshuaer

18.03.2016


Hisoblagich


-----------------------


-----------------------

[ Bugun saytga kirgan foydalanuvchilar ]
-----------------------






[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
Страница 1 из 11
Форум » Дилимизда Ислом » Куръон тафсири узбек тилида » 11. "Hud"
11. "Hud"
Mohigul77Дата: Душанба, 15.03.2010, 18:48 | Сообщение # 1
Оила
Группа: Админ
Сообщений: 2292
Репутация: 15
Статус: Offline
HUD SURASI
Bir yuz yigirma uch oyatdan tashkil topgan bu sura Makkada nozil bo‘lgan. Bu surada ham yolg‘iz Allohga, u zot yuborgan payg‘ambarlarga va ular keltirgan dinlarning haq ekaniga iymon keltirish, qiyomat kunida qayta tirilib, bu dunyoda qilib o‘tgan barcha yaxshi-yomon amallariga yarasha mukofot-jazo olishga ishonish islomiy aqidaning mohiyat-haqiqati ekani borasida so‘zlanadi. Bu surada Nuh, Hud, Solih, Lut, Shu’ayb, Muso va boshqa payg‘ambarlarning qissalari ancha mufassal hikoya qilinadiki, bundan murod birinchidan, barcha mo‘minlarga ilgari o‘tgan payg‘ambarlar va ularni yolg‘onchi qilishlari sababli halokatga uchragan qavmlar haqida ma’lumot berish bo‘lsa, ikkinchidan, yaqinda ikki aziz kishisidan — amakisi — Abu Tolib hamda jufti haloli Hadichadan ajralib qolgan va mudom Makka mushriklari tomonidan ozor-aziyatlarga ro‘baro‘ bo‘layotgan Muhammad alayhissalomga o‘tmishdoshlarining hayotlari va ularning Haqqa da’vat qilish yo‘lida chekkan mashaqqatlarini bayon qilish bilan taskintasalli berishdir. Bu sura Qur’oni Karimning aybu nuqsonlardan pok va nazmu mag‘ziga hech qachon, hech kim tomonidan xalal yetmaydigan ilohiy Kitob ekanini ta’riflash bilan boshlanib, Alloh taoloning bandalariga payg‘ambarlar yuborishdan ko‘zlagan hikmatini bayon etish bilan tugallanadi. Bu sura Alloh taolo tomonidan Od Qavmiga yuborilgan Hud payg‘ambar nomi bilan atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. Alif, Lom, Ro. (Ushbu Kitob) sizlar faqat Allohgagina ibodat qilishingiz uchun, hikmat sohibi va (hamma narsadan) xabardor zot — Alloh tomonidan oyatlari buzilmaydigan mustahkam va mufassal qilingan bir Kitobdir. Men esa sizlarga U zot tarafidan yuborilgan (kofirlarni do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi va (mo‘minlarga jannat) xushxabarini eltguvchidirman.

3. (Alloh sizlarga amr qilurki), Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar, so‘ngra Uning O’ziga tavba qilinglar, shunda (U) sizlarni ma’lum muddatgacha (ajallaringiz yetgunicha) chiroyli mato (rizq) bilan bahramand qilur va har bir yaxshilik sohibiga yaxshilik (ya’ni ajr-muxofot) berur. Agar yuz o‘girsangizlar, u holda Men sizlarga Ulug‘ kun (ya’ni, qiyomat kuni) azobi yetishidan qo‘rqaman.

4. Allohning O’ziga qaytishlaringiz bor. U esa hamma narsaga qodirdir.

5. Ogoh bo‘lingizkim, albatta ular (kofirlar) Undan sir tutish uchun dillaridagi (adovatlari)ni yashiradilar. Ogoh bo‘lsinlarkim, ular kiyimlariga o‘ranib olgan chog‘larida ham (Alloh) ularning yashirgan va oshkor qilgan narsalarini bilur. Darhaqiqat, U zot dillarni egallagan sirlarni bilguvchidir.

O’N IKKINCHI JUZ’

6. O’rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir. U zot ularning turar joylarini xam, borar joylarini ham bilur. Hamma narsa ochiqravshan Kitobda bordir.

I z o h . Bu oyatdagi ochiq-ravshan Kitobdan murod Lavhul-Mahfuzdir. Lavhul-Mahfuz koinotdagi o‘tgan, hozir mavjud va kelajakda bo‘ladigan barcha voqea, hodisa va narsalar bitilgan o‘chmas Lavh, ya’ni Alloh taoloning bilimidir.

7. U (Alloh) sizlarning qaysilaringiz yaxshiroq ish – amal qilib yashashingizni sinash uchun olti kunda osmonlar va yerni yaratgan zotdir. Ilgari U zotning arshi suv ustida (ya’ni, u arsh ostida suvdan bo‘lak hech narsa yaratilmagan edi).

I z o h . Ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘lishicha, Alloh taolo, osmonu zaminni yakshanbadan jumagacha — olti kunda yaratgandir. Istagan narsasini birgina: «Bo‘l», degan farmoni bilan yo‘qdan bor qilguvchi zotning yeru ko‘kni yaratishda bu qadar shoshmaganining boisi – koinotdagi eng kichik zarradan tortib eng katta mavjudotgacha hamma narsa shunchalar chevarlik bilan yaratilib o‘z o‘rniga qo‘yilganki, bu tartibintizomga chetdan biron kuch sun’iy yo‘l bilan daxl qilsa — aralashsa, butun olam muvozanatiga futur yetadi. Bu oyati karima bilan Tangri bizlarni har qanday muhim ishlarni qilishda xususan o‘zgalarning hayot-mamotlariga aloqador ishlarni amalga oshirishda shoshmasdan, mulohazakorlik bilan qadam qo‘yishga da’vat etadi. (Ey Muhammad), qasamki, agar siz: «Shak-shubhasiz, o‘lganingizdan keyin qayta tirilursizlar», desangiz, albatta kofir bo‘lgan kimsalar: «Bu ochiq sehrjodudan o‘zga narsa emas, deydilar.

8. Qasamki, agar ularni azoblashni ma’lum muddatgacha kechiktirsak, albatta ular: «Uni (azobni) nima to‘smoqda?» — deb istehzo qiladilar. Ogoh bo‘lsinlarkim, u (azob) kelar kunida ulardan qaytib ketuvchi bo‘lmas va kulibistehzo qilib yurgan narsalari ularni o‘rab olur.

9. Qasamki, agar Biz inson zotiga raxmat-marhamatimizni totdirib, so‘ngra O’zimiz uni tortib olsak, u albatta noumid va noshukrlik qilishi shubhasizdir.

10. Qasamki, agar unga biron ziyon-zahmat yetganidan keyin Biz nozne’matlarni totdirib qo‘ysak, albatta u: «Barcha yomonliklar mendan nari ketdi», (endi hech qachon qaytib kelmaydi) deydi. Darhaqiqat, u mag‘rur va maqtanchoqdir.

11. Magar (baloli kunlarda) sabr qilib, (safoli kunlarda) yaxshi amallar qiladigan zotlar borki, ana o‘shalar uchun mag‘firat va katta ajr-mukofot bo‘lur.

12. (Ey Muhammad), ehtimol, siz (mushriklar): «Unga osmondan xazina — boylik tushirilsa yoki u bilan birga (uning payg‘ambar ekanligini tasdiqlaydigan) biron farishta kelsa bo‘lmasmidi?» deganlari sababli o‘zingizga vahiy qilinayotgan oyatlarning ayrimlarini (ularga yetkazishni) tark qilarsiz va shu sababli, dilingiz siqilar? (Yo‘q, siz o‘zingizga nozil qilingan oyatlarni to‘lato‘ kis holida kishilarga yetkazavering, chunki) faqatgina siz (kofirlarni do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchisiz, xolos, Alloh, hamma narsaning ustida vakil — boshqarib turguvchidir.

13. Yoki: «Uni (ya’ni, Qur’onni Muhammad) to‘qib chiqargan», deydilarmi? Ayting: «U holda, agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, Allohdan o‘zga kuchingiz yetgan barcha butlarni (yordamga) chorlab shunga o‘xshash o‘ntagina «to‘qilgan» sura keltiringiz!»

14. Bas, agar ular (ya’ni, Allohni qo‘yib, sig‘inadigan butlaringiz) sizlarga javob qilmasalar, u holda, bilingizki, albatta (bu Quron) Allohning ilmi azaliysi bilan nozil qilingandir va Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Endi musulmon bo‘larsizlar?!

15. Kim (faqat) shu hayoti dunyoni va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo‘lsa, ularga qilgan amallarini(ng ajr-mukofotini) shu dunyoda komil qilib berurmiz va ular bu dunyoda ziyon ko‘rmaydilar.

16. Unday kimsalar uchun oxiratda do‘zax o‘tidan o‘zga hech qanday nasiba yo‘qdir. Ularning bu dunyoda qilgan barcha yaxshiliklari behuda ketur va qilib o‘tgan amallari befoydadir.

17. Ana endi Parvardigori tomonidan aniq hujjatga (ya’ni, Qur’onga) ega bo‘lgan kishi (faqat hayoti dunyo manfaatlarini ko‘zlovchi kimsalar bilan barobarmi?!) Holbuki, Alloh tomonidan bo‘lgan shohid (ya’ni, Jabroil farishta) uning (Muhammad alayhis-salomning) hamrohidir va undan (ya’ni, aniq hujjat bo‘lgan Qur’ondan) ilgari (Bani Isroil uchun kelgan) peshvo va (Allohning) marhamati bo‘lgan Musoning Kitobi (Tavrot) bordir. Ana o‘sha zotlar (ya’ni, aniq hujjat egalari) unga (Qur’onga) iymon keltirurlar. Barcha guruhlar orasidan kim u Qur’onga kofir bo‘lsa, unga va’da qilingan joy – do‘zaxdir. Bas (ey Muhammad, siz u haqda shak-shubhaga tushmang! Albatta, u Parvardigoringiz tomonidan kelgan Haqiqatdir. Lekin odamlarning ko‘plari iymon keltirmaydilar.

18. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Unday kimsalar (qiyomat kunida) Parvardigorlariga ro‘baro‘ qilinurlar va barcha guvoh: “Mana shular Parvardigor sha’niga yolg‘on so‘zlarini so‘zlaganlar” deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur.

19. U zolim kimsalar (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sib, uni (Allohning yo‘lini) buzmoqchi bo‘ladilar. Ular oxiratni butunlay inkor etadilar.

20. Unday kimsalar yer yuzida (hech qaerga) qochib qutulolmas va ular uchun Allohdan o‘zga do‘stlar-yordamchilar ham bo‘lmas. Ularga azob bir necha barobar qilinur. (Garchi ularga Haqni eshitib, ko‘rishlari uchun quloq, ko‘z berilgan bo‘lsa-da), eshitguvchi ham, ko‘rguvchi ham bo‘lmadilar.

21. Ular o‘zlariga ziyon qilgan kimsalardir. O’zlari to‘qib olgan butlari esa (biron foyda bermay) ulardan g‘oyib bo‘ldi.

22. Shak-shubha yo‘qki, ular oxiratda yanada kattaroq ziyon ko‘rguvchilardir.

23. Albatta, iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan va Parvardigorlariga itoat qilib bo‘yinsungan zotlar — ana o‘shalar, jannat egalari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolurlar.

24. Bu ikki guruhning (ya’ni, kofirlar bilan mo‘minlar guruhining) misoli, xuddi ko‘ru kar bilan ko‘rguvchi va eshitguvchining misolidir. Shu ikkalasi bir-biriga barobar bo‘lurmi?! Ibrat olmaysizlarmi?!

25-26. Darhaqiqat, Biz Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. (U dedi): «Albatta, men sizlar faqat Allohgagina ibodat qilishingiz uchun (kelgan) xolis ogoxlantirguvchiman. (Agar yolg‘iz Allohdan o‘zga birovga sig‘insangizlar), sizlarning ustingizga alamli azob kuni (tushishi)dan qo‘rqaman».

27. Shunda uning qavmi orasidagi kofir bo‘lgan kimsalar: «Bizlar seni xuddi o‘zimizga o‘xshagan odam, deb bilamiz va senga faqat ichimizdagi pastkash (yalangoyoq) kimsalar o‘ylamasdan ergashganini ko‘rmoqdamiz. Bizningcha, sizlarning bizdan biron ortiqchalik joyingiz yo‘q, balki biz sizlarni yolg‘onchi deb o‘ylamoqdamiz», dedilar.

28. U dedi: «Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo‘lsam va U zot menga O’z dargohidan rahmat — payg‘ambarlikni ato etgan bo‘lsa-yu, ammo bu sizlarga maxfiy bo‘lsa, biz sizlarni o‘zingiz istamagan holda (iymon keltirishga) majbur qilamizmi?!» (Yo‘q, unday qilmaymiz, chunki faqat o‘z ixtiyorlaringiz bilan keltirgan iymonlaringizgina maqbuldir).

29. «Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim) uchun mol-dunyo so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Va men (sizning so‘zingizga kirib) iymon keltirgan kishilarni (huzurimdan) quvmayman ham. Chunki ular Parvardigorga ro‘baro‘ bo‘lguvchidirlar (bas, agar kambag‘al bo‘lganlari uchun ularni huzurimdan haydasam, albatta, qiyomat kunida Parvardigorga ustimdan shikoyat qilurlar). Lekin men sizlarning nodon qavm ekanligingizni ko‘rmoqdaman».

I z o h . Nuh payg‘ambar qavmi orasidagi boyon-zodagonlar unga: «Agar atrofingdagi yalangoyoqlarni haydasang, biz senga iymon keltirgan bo‘lardik», deganlarida, payg‘ambar ularga javoban: «Men ularni haydamayman, lekin sizlar bu talabingiz bilan kishining ulug‘ yoki pastkashligini, uning boy yoki kambag‘alligi bilan o‘lchaydigan nodon qavm ekanligingizni bildirdingiz», deydi.

30. «Ey qavmim, agar men ularni haydasam, kim menga Allohdan (ya’ni, Allohning azobidan) yordam-najot berur? O’ylab ko‘rmaysizlarmi?!»

31. «Men sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari bor», demayman. G’aybni (ko‘zdan pinhon narsa va hodisalarni) ham bilmayman. «Men farishtaman», ham demayman. Shuningdek, sizlar o‘zingizcha haqorat qilayotgan kishilar haqida: «Alloh ularga hech qanday yaxshilik bermaydi», deb aytmayman. Ularning dillaridagi narsani (ixlos-iymonni) Alloh juda yaxshi bilur. Aks holda (ya’ni, agar ular to‘g‘risida yuqoridagi so‘zlarni aytadigan bo‘lsam), men albatta zolimlardan bo‘lib qolurman».

32. Ular (kofirlar) dedilar: «Ey Nuh, mana biz bilan ko‘p-bahsu mujodala qilding. Endi agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga va’da qilayotgan narsangni (ya’ni, azobni) keltir-chi».

33. (Nuh) dedi: «Uni sizlarga yolg‘iz Allohning o‘zi xohlagan paytida keltirur va sizlar (o‘shanda) hech qayoqqa qochib qutula olmassiz».

34. «Agar Alloh sizlarni yo‘ldan ozdirishni istasa, men nasihat qilishga uringanim bilan nasihatim sizlarga foyda bermaydi. Parvardigoringiz Uning O’zidir va faqat Uning O’ziga qaytarilursizlar».

35. Yoki ular (ya’ni Quraysh kofirlari): «Uni (ya’ni, Qur’onni Muhammadning) o‘zi to‘qib chiqargan», deydilarmi? Ayting (ey Muhammad): «Agar uni men to‘qib chiqargan bo‘lsam, gunohim o‘z bo‘ynimda. Ammo men sizlarning qilayotgan jinoyatingiz — kofirligingizdan pokman».

I z o h. Ushbu oyatning Nuh payg‘ambar haqidagi qissa o‘rtasida kelishiga sabab — Quraysh kofirlari bilan Nuh qavmidagi kofirlarning bir toifa ekanligidan ogohlantirishdir.

36-37. Nuhga vahiy qilindiki: «Qavmingdan faqat avvalda iymon keltirgan kishilardan boshqa hech kim iymon keltirmaydi. Bas, ularning (ya’ni, hanuz iymon keltirmagan kimsalarning) qilmishlaridan qayg‘urmagin va Bizning hifzihimoyamizda va Bizning vahiy ta’limimiz bilan bir kema yasagin hamda zolim kimsalar haqida (ya’ni, ularga najot berishimni so‘rab) Menga xitob-iltijo qilmagin. Ular shak-shubhasiz, g‘arq qilinguvchidirlar».

38. U kemani yasar ekan, qachon oldidan o‘z qavmidan bo‘lgan (kofir) kimsalar o‘tsalar, uni masxara qilib kuldilar. U dedi: «Agar (bugun) sizlar bizdan kulsangizlar, bas, xuddi sizlar kulganingiz kabi biz ham sizlar (ning ustingiz)dan kulurmiz».

39. «Bas, yaqinda kimga sharmanda qilguvchi azob kelishini va kimning ustiga mangu azob tushishini bilib olajaksiz».

40. To Bizning farmonimiz kelib, yerdan favvoralar otilgan vaqtda, (Nuhga) dedik: «U kemaga har (jonivordan) bir juftdan va axli oilangni chiqargin. Lekin qaysi kimsalar xususida Bizning so‘zimiz (ya’ni, g‘arq bo‘lish haqidagi hukmimiz) o‘tgan bo‘lsa, (ularni ters qilgin. Bular barcha kofirlar va Nuh payg‘ambarning xotini Voila bilan o‘g‘li Kan’on edi). Yana iymon keltirgan kishilarning barchasini (kemaga chiqargin)!» Unga iymon keltirgan kishilar esa juda oz edilar.

41. U dedi: «Kemaga mininglar! Uning yurishi ham, turishi ham Alloh nomi bilan bo‘lur. Albatta, Parvardigorim mag‘firatli, mehribondir».

42. Kema ularni tog‘lardek to‘lqinlar orasida olib ketar ekan, Nuh bir chetda qolgan o‘g‘liga nido qildi: «Ey o‘g‘ilcham, biz bilan birga (kemaga) mingin, u kofirlar bilan birga qolmagin!»

43. U (o‘g‘li) dedi: «Men o‘zimni suvdan saqlaydigan biron tog‘ning ustiga chiqib ketajakman», (Nuh) aytdi: «Bugun Allohning amridan saqlaguvchi yo‘qdir, magar O’zi rahm qilgan kishilarnigina (saqlar)». (Shu payt) o‘rtalarini to‘lqin to‘sib qo‘ydi-da, (o‘g‘il) g‘arq qilinuvchilardan bo‘lib qoldi.

44. (So‘ngra): «Ey yer, suvingni yutgil, ey samo, o‘zingni tutgin (ya’ni, «yog‘ishni bas qil»), deyildi. Suv quridi, farmon bajarildi va (kema) Judiy tog‘i uzra to‘xtadi hamda: «Zolim qavmga xalokat bo‘lg‘ay», deyildi.

45. Nuh Parvardigoriga nido qilib, dedi: «Parvardigorim, albatta, o‘g‘lim mening ahli oilamdandir va shubhasiz, Sening (ahli oilamga najot berish xususidagi) va’dang haq va’dadir. Sen eng adolatli hukm qilguvchisan».

46. (Alloh) aytdi: «Ey Nuh, u sening axlingdan emas! Albatta u(ning qilgan amali kufr yo‘lini tutgani) yomon amaldir. Bas, o‘zing yaxshi bilmagan narsa haqida aslo Mendan so‘ramagin! Albatta, Men senga johil-nodonlardan bo‘lmaslikni buyuraman».

47. U (Nuh) dedi: «Parvardigorim, men Sendan o‘zim bilmagan narsani so‘rashdan panoh tilayman! Endi agar meni mag‘firat qilib, O’z rahmatingga olmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolurman».

48. (Shunda) aytildi: «Ey Nuh, Bizning tinch, salomat saqlashimiz bilan va o‘zingga hamda sen bilan birga bo‘lgan kishilarning zurriyotlariga bo‘ladigan barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin. (Ya’ni, sen va senga iymon keltirgan kishilarga Biz tomondan tinchlik-omonlik va fayzu barakotlar yetar.) Yana boshqa (ya’ni, kofir) jamoalar ham kelurki, Biz ularni ham ozgina foydalantirurmiz, so‘ngra esa ularni Biz tomondan bo‘lgan alamli azob tutar».

49. (Ey Muhammad), bular Biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Ilgari bularni na siz va na qavmingiz bilar edingiz. Bas (haq dinga da’vat qilishda kofirlarning yetkazayotgan ozorlariga) sabr qiling. Albatta, oqibat — natija Allohdan qo‘rquvchi kishilarnikidir.

50. Od qabilasiga o‘z birodarlari Hudni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Sizlar (xilma-xil butlarni) faqat o‘zlaringiz to‘qib olursizlar, xolos (ular xech qanday iloh emasdirlar)».

51. «Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim uchun ajr-mukofot so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat meni yaratgan zot zimmasidadir. Axir aql yurgizmaysizlarmi?!»

52. «Ey qavmim, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz, so‘ng Unga tavbatazarru qilingiz, shunda U zot ustingizga osmondan yomg‘ir quydirar va kuchquvvatlaringizga yana kuch-quvvat qo‘shar. Jinoyatkor-gunohkor bo‘lgan holingizda yuz o‘girib ketmangiz!»

I z o h. Rivoyatlarga qaraganda, Od qavmi yerlariga uch yil yomg‘ir yog‘may qurg‘oqchilik bo‘lib, ularning qirilib ketishlariga oz qolgan edi. Faqat jismonan kuchli qavm bo‘lganlari sababligina zo‘r-bazo‘r kun kechirar ekanlar, Buning ustiga, ular bepushtlik dardiga duchor bo‘lgan edilar. Yuqoridagi oyat ularga: «Agar Parvardigorga tavba-tazarru qilsangizlar, osmondan to‘xtab qolgan yomg‘irni quydirib, yerlaringizni sersuv, unumdor qilur hamda kuch-quvvatlaringizni yanada ziyoda etib, avlodlaringizga yangi-yangi avlodlar qo‘shur», deb uqtiradi.

53. Ular dedilar: «Ey Hud, sen bizga (o‘zingning payg‘ambar ekanligingai tasdiqlaydigan) biron hujjat keltirmading. Bizlar sening quruq gaping bilan o‘z xudolarimizni tark qilguvchi emasmiz. Va bizlar senga iymon keltirguvchilar emasmiz».

54-55. «Bizlar faqat: «Seni xudolarimizdan biri, bir balo (ya’ni, majnun) qilib qo‘ygan», deymiz, xolos». U (Hud) aytdi: «Albatta, men Allohni guvoh keltiraman, yana o‘zlaringiz ham guvoh bo‘linglarki, men sizlarning Allohni qo‘yib, (Unga soxta-yolg‘on xudolarni) sherik qilishingizdan bezorman. Ana endi barchangiz bir bo‘lib, hech ta’xir qilmay-kechiktirmay menga qarshi bilgan hiylangizni qilaveringlar».

56. «Men faqat mening ham, sizlarning ham Parvardigorimiz bo‘lgan Allohga suyandim. O’rmalagan narsa borki, barchasi U zotning qo‘l ostidadir. Parvardigorim, shak-shubhasiz, To‘g‘ri yo‘ldadir».

57. «Endi agar (mening da’vatimdan) yuz o‘girsangizlar, bas, men sizlarga elchi qilib yuborilgan dinni yetkazdim. Parvardigorim (sizlarni halok qilib), o‘rningizga boshqa qavmni keltirur va sizlar (o‘z kufringiz bilan) U zotga biron ziyon yetkaza olmassiz. Albatta, Parvardigorim hamma narsani kuzatib turguvchidir».

58. Qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni, azobimiz) kelganida, Hud va u bilan birga iymon keltirgan kishilarni O’z rahmat-marhamatimiz bilan qutqardik va ularga qattiq azobdan najot berdik.

59. Parvardigorlarining oyatlarini inkor qilgan, Uning payg‘ambarlariga isyon kilgan va barcha qaysar, zolimlar amru-farmonlariga bo‘yinsungan ana o‘shalardir.

60. Ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la’nat aytilur. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Od qabilasi Parvardigorlariga kofir bo‘lgan edilar. Ogoh bo‘lingizkim, Hudning qavmi bo‘lgan Od halokatga uchradi.

61. Samud qabilasiga o‘z birodarlari Solihni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. U sizlarni yerdan paydo qilib, unga joylashtirdi. Bas, Undan mag‘firat so‘ranglar va Unga tavba-tazarru qilinglar. Albatta, Parvardigorim yaqin va (duolarni) ijobat qilguvchidir».

62. Ular dedilar: «Ey Solih, sen ilgari bizning oramizdagi umidli kishi eding-ku. Endi bizlarni ota-bobolarimiz ibodat qilib kelayotgan butlarga ibodat qilishimizdan qaytarurmisan?! Albatta, bizlar sening da’vat qilayotgan diningdan shak-shubhadamiz».

63. U aytdi: «Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo‘lsam va menga O’zining rahmati — payg‘ambarlikni ato etgan bo‘lsa-yu, (shundan keyin) men U zotga isyon qilsam, u holda Allohdan (ya’ni, uning azobidan) meni kim qutqarur?! Bas, sizlar (meni isyonga chorlashingiz bilan) ziyondan o‘zga narsa keltirmaysizlar!»

64. «Ey qavmim, mana bu Alloh (yuborgan) tuya sizlar uchun oyat-mo‘‘jiza bo‘lib keldi. Bas, uni Allohning yerida yeb-ichib yurgan holida qo‘yib yuboringlar va unga biron yomonlik yetkazmanglar, aks holda sizlarni yaqin azob ushlar».

I z o h. Solih payg‘ambarning qavmlari u zotdan haq payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlaydigan biron mo‘‘jiza ko‘rsatishni talab qilganlarida, payg‘ambar ularning ko‘z o‘nglarida bir xarsang toshni tirik tuyaga aylantirib qo‘yadilar va uni so‘ymay-o‘ldirmay o‘z holiga tashlab qo‘yishlarini buyuradilar. Aks holda, boshlariga balo kelishi haqida ogohlantiradilar.

65. Ular esa tuyani so‘yib yubordilar. Shunda (Solih) aytdi: «Uy-joylaringizda uch kun (tiriklik ne’matidan) bahramand bo‘lingiz. Mana shu chin va’dadir».

66. Endi qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni, biz yuborgan balo) kelganida, Solih va U bilan birga iymon keltirgan kishilarga O’z rahmatimiz bilan (u azobdan) va o‘sha kundagi sharmandaliqdan najot berdik. Albatta, Parvardigoringiz haqiqiy kuch-qudrat egasidir.

67-68. Zolim kimsalarni esa dahshatli qichqiriq tutib, go‘yo u yerda hech qachon yashamagandek, turgan joylarida to‘kildilar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Samud (qabilasi) Parvardigorlariga kofir bo‘lgan edilar. Ogoh bo‘lingizkim, Samud (qabilasi) halokatga uchradi.

69. Darhaqiqat Bizning elchilarimiz — farishtalar Ibroximga (Ishoq ismli farzand ko‘rishi haqida) xushxabar bilan kelib, salom berdilar. U ham: «Salom», dedi-da, qarab turmay bir buzoqni qovurib keltirdi.

70. Endi qachonki u ovqatga qo‘l cho‘zmaganlarini ko‘rgach, ulardan shubhalandi va ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: «Qo‘rqmagin. Bizlar (farishtalarmiz taom yemaymiz), Lut qavmiga (ularni halok qilish uchun) yuborilganmiz», dedilar.

71. (Parda ortida Ibrohimning) xotini turgan edi. U (farishtalarning Lut qavmini halok qilish uchun kelganliklarini eshitib) kuldi — xursand bo‘ldi. Shunda Biz (farishtalarimiz vositasida) u ayolga Ishoq (ismli o‘g‘il ko‘rishi) haqida va Ishoqdan keyin Ya’qub (ismli nabira ko‘rishi) haqida xabar berdik.

72. U dedi: «Voy o‘lmasam, o‘zim kampir, erim qari chol bo‘lsa ham tug‘averamanmi? Bu juda qiziq ish-ku!»

73. Ular aytdilar: «Allohning amridan ajablanyapsanmi? Ey xonadon egalari, sizlarga Allohning rahmati va barokoti bo‘lgay. Albatta, U hamdu sano egasi va buyuk zotdir».

74-75. Endi qachonki Ibrohimdan qo‘rquv ketib, unga xushxabar yetgach, Biz (ya’ni, farishtalarimiz) bilan Lut qavmi (ularni halok qilishga shoshmaslik) haqida bahslasha boshladi. Zotan, Ibrohim haliym, ko‘ngilchan va ibodatli kishidir.

I z o h . Mufassirlarning yozishicha, Ibrohim alayhis-salom farishtalardan Lut qavmining halok qilinishi haqida eshitganida, ularga: «Agar u joyda kofirlar orasida ellikta musulmon ham bo‘lsa, baribir halok qilaverasizlarmi?» — degan ekan. Ular: «Yo‘q»,— deb javob qilishgach, «Agar qirqta musulmon bo‘lsa-chi?» — deb so‘raydi, Ular: «Yo‘q, halok qilmaymiz»,— deyishadi. Nihoyat, Ibrohim: «Agar u joyda bitta musulmon bo‘lsachi? » — deganida, ular yana: «Yo‘q, u kofirlar orasida bitta musulmon bo‘lsa ham, ularni halok etmaymiz», deb javob berishgach, Ibrohim: «Axir u yerda Lut bor-ku?» — deydi. Shunda farishtalar Lut va unga iymon keltirgan kishilarga Alloh taolo najot berishini aytadilar.

76. (Farishtalar aytdilar): «Ey Ibrohim, bu bahsni qo‘y. Chunki Parvardigoringning farmoni kelib bo‘lgan. Albatta, ularga qaytarib bo‘lmas azob kelguvchidir».

77. Qachonki elchilarimiz Lutning oddiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ularning kelishlaridan yuragi siqilib, dedi: «Bu kun og‘ir kundir».

I z o h . Farishtalar kelishidan Lutning siqilishiga sabab, ular yosh va xushro‘y yigitlar suratida kelishgan edi. Lut qavmidagi kofir kimsalar esa bachchabozlik dardiga mubtalo edilar. Shuning uchun Lut payg‘ambar ular bu yigitlarning kelganini payqab qolishib, bema’nilik qilishlaridan xavotirlanib, yuqoridagi so‘zlarni aytdi.

78. (Darhaqihat, Lut payg‘ambarning huzuriga yigitlar kelganini eshitishgach) qavmi uning oldiga chopib kelishdi, ilgaridan yomon ishlar — bachchabozlik qilar edilar. U aytdi: «Ey, qavmim, anavi qizlarim (ya’ni, shahrimizdagi qizlar) sizlar uchun pokroq-ku (ya’ni, o‘shalarga uylanaversangizlar bo‘lmaydimi)?! Bas, Allohdan qo‘rqinglar va mehmonlarim oldida meni sharmanda qilmanglar. Orangizda biron to‘g‘ri yo‘lga yurguvchi kishi yo‘qmi?!»

79. Ular dedilar: «Sen qizlaringga muhtoj emasligimizni aniq bilasan. Shuningdek, biz nimani istashimizni ham juda yaxshi bilasan».

80. (Lut) dedi: «Qani edi, sizlarga kuchim yetsa yoki kuchli bir suyanchig‘im bo‘lsa».

81. (Shunda farishtalar) aytdilar: «Ey Lut, biz Parvardigoringning elchilarimiz. Ular senga hargiz tega olmaslar. Bas, sen kechaning (qolgan) qismida ahli oilangni olib chiqib ketgin va sizlarning ichingizdan xotiningdan boshqa hech kim atrofga alanglamasin! Zotan, unga (xotiningga) ham ularga yetgan balo yetguvchidir. Ularga va’da qilingan vaqt subhdir. Subh yaqin emasmi?!»

I z o h. Lut va hamrohlariga chiqib ketayotganlarida atrofga alanglamaslik buyurilishining sababi ular qolganlarning boshiga kelgan balo-ofatni ko‘rib qiynalmasliklari uchundir. Lutning xotini esa o‘sha kofirlar guruhidan edi. Shu boisdan, eri bilan qishloqdan chiqib ketar ekan, atrofga alanglab, qolayotgan do‘stlarining boshlariga tushayotgan baloni ko‘rgancha, «Ey qavmim-a!» deyishi bilan bir tosh kelib tegib, o‘sha ketayotgan joyida til tortmay o‘ladi. Lut alayhis-salom o‘z qavmining kufridan shu qadar g‘azablangan ediki, ularning darhol halok bo‘lishlarini istagan va subhgacha hayot bo‘lishlarini ham uzoq deb bilgan edi. Shu sababdan farishtalar unga: «Subh yaqin emasmi?» deb xitob qiladilar.

82-83. Endi qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni azobimiz) kelganida, u joylarni ostin-ustun qilib yubordik va ularning (kofirlarning) ustiga Parvardigoringiz dargohida belgilab qo‘yilgan sopol toshlarni paydar-pay yog‘dirdik. (Ey Muhammad), u joylar bu zolimlardan (ya’ni Makka mushriklaridan) yiroq emasdir, (ya’ni, o‘sha kofirlarning oqibati nima bo‘lganini ko‘rib ibrat olsalar bo‘lmaydimi?!)

I z o h . «Parvardigoringiz dargohida belgilab qo‘yilgan sopol toshlar»ning ma’nosi har bir toshga u kimga borib tegishi yozib qo‘yilganidir.

84. Madyan qavmiga o‘z birodarlari Shu’aybni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Va o‘lchov va tarozidan urib kolmanglar. Men sizlarning yaxshilikda (ya’ni to‘kinsochinlikda) ekanligingizni ko‘rib turibman. Va men (agar iymon keltirmasangizlar) sizlarning ustingizga o‘rab oluvchi Kun — qiyomatning azobi tushishidan qo‘rqaman».

85. «Ey qavmim, o‘lchov va tarozini adolat bilan to‘la tortingiz! Odamlarning narsalarini urib qolmangiz va yerda buzg‘unchilik bilan sanqib yurmangiz!»

86. «Agar mo‘min bo‘lsangizlar (harom-harish yo‘llar bilan boy-badavlat bo‘lgandan ko‘ra) Alloh qoldirgan (halol) narsa sizlar uchun yaxshiroqdir. Men sizlarning ustingizda qo‘riqchi emasman».

87. Ular (masxara qilib) dedilar: «Ey Shu’ayb, bizlar ota-bobolarimiz ibodat qilib kelayotgan butlarni tark qilishimiz kerakligini yoki o‘z mol-mulkimizni o‘zimiz xohlagandek tasarruf qilmasligimiz kerakligini senga o‘qiyotgan namozing buyurmoqdami? Haqiqatan, sen juda ko‘ngilchan va haliym va rashid (to‘g‘ri yo‘lni topib olgan) kishisan-da!»

88. U aytdi: «Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo‘lsam va U zot meni O’z tomonidan go‘zal rizq bilan rizqlantirgan bo‘lsa (shu halol rizqni haromga aralashtirishim kerak-mi?!) Men sizlarga xilof qilib, sizlarni qaytarayotgan narsani (ya’ni, halol-haromga aralashtirishni) o‘zim qilishni istamayman. Men faqat imkonim boricha isloh qilishni istayman, xolos. Va (bunga) yolg‘iz Allohning yordami bilangina muvaffaq bo‘lurman. O’ziga suyandim va O’ziga iltijo qilurman».

89. «Ey qavmim, tag‘in menga bo‘yinsunmasligingiz sizlarga ham Nuh qavmiga yo Hud qavmiga yoki Solih qavmiga yetgan balolar yetishiga sabab bo‘lmasin. Lut qavmi ham sizlardan yiroq emasdir».

90. «Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz, so‘ng Unga tavba-tazarru qilingiz! Albatta, Parvardigorim (tavba qilguvchilarga) marhamat qilguvchi va (ularni) do‘st tutguvchidir».

91. Ular dedilar: «Ey Shu’ayb, sen aytayotgan narsalarning ko‘pini anglab yetmayotirmiz va oramizda ojiz bir kimsa ekaningni ko‘rib turibmiz. Agar qavmu qarindoshlaring bo‘lmaganida, albatta seni toshbo‘ron qilgan bo‘lur edik. Sen bizlar uchun aziz - mo‘‘tabar kishi emassan».

92. U aytdi: «Ey qavmim, mening qavmu qarindoshlarim sizlar uchun Allohdan ham azizroqmiki, U zotga orqa o‘girib oldingiz? (Ya’ni sizlar mening qavmu qarindoshimni emas, balki Allohni hurmat qilishingiz lozim emasmi?) Shubhasiz, Parvardigorim qilayotgan amallaringizni bilib - ihota qilib turguvchidir».

93. «Ey qavmim, o‘zingiz bilgan ishni qilavering, men ham (o‘z ishimni) qilguvchiman. Yaqinda kimga sharmanda qiladigan azob kelishini va kim yolg‘onchi ekanini bilib olursiz. Ko‘z tutaveringlar, men ham sizlar bilan birga ko‘z tutguvchiman».

94-95. Qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni azobimiz) kelganida, Shu’aybga va u bilan birga iymon keltirgan kishilarga o‘z rahmatimiz bilan najot berdik. Zolim kimsalarni esa dahshatli qichqiriq tushib, go‘yo hech qachon (dunyoda) yashamagandek, o‘z diyorlarida to‘kilib qoldilir. Ogoh bo‘lingizkim, xuddi Samud qabilasi halokatga uchragani kabi Madyan qavmi ham halokatga uchradi.

96-97. Darhaqiqat, Musoni o‘z oyat-mo‘‘jizalarimiz bilan Fir’avn va uning odamlariga (payg‘ambar qilib) yuborganimizda, ular Fir’avnning amriga bo‘yinsundilar. Holbuki, Fir’avnning amri to‘g‘ri emasdir.

98. U (Fir’avn) qiyomat kunida o‘z qavmini boshlab borib do‘zaxga tushirur. U tushiladigan eng yomon joydir!

99. Ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la’nat aytilur, u (jazo) beriladigan eng yomon «yordam»dir.

100. (Ey Muhammad), mana shu Biz sizga so‘ylab berayotgan shaharlarning xabarlaridandir. Ulardan hali-hanuz obod-sog‘ turganlari ham bor, o‘rilib bitgan halok bo‘lib (yo‘qolib ketganlari) ham bordir.

101. Ularga Biz zulm qilmadik, balki o‘zlariga o‘zlari zulm qildilar, bas, qachonki, Parvardigoringizning farmoni (ya’ni azobi) kelganida, Allohni qo‘yib, iltijo qiladigan butlari ularni hech narsadan behojat qilmadi va ularga ziyondan o‘zga biron narsa keltirmadi.

102. Parvardigoringiz (axli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi-azobi alamli va qattiqdir.

103. Albatta bu qissalarda oxirat azobidan qo‘rqqan kishilar uchun oyatibratlar bordir. U Kun barcha odamlar to‘planadigan va hozir bo‘linadigan Kundir.

104. Biz uni faqat sanoqli muddatgacha ta’xir qilib, kechiktirib turamiz, xolos.

105. U Kun kelganida, biron jon gapirmas, magar Uning (Allohning) izni bilangina gapirur. Bas, u (Kunga hozir bo‘lganlar) orasida baxtsizi ham bo‘lur, baxtlisi ham.

106. Bas, endi badbaxt kimsalar do‘zaxda bo‘lib, u joyda ohu faryod qilar.

107. Ular unda osmonlar va yer turguncha qolurlar, magar Parvardigoringiz xohlasa (yana O’zi xohlagan hukmini qilur). Zotan, Parvardigoringiz faqat O’zi istagan ishni qilguvchi zotdir!

I z o h . Islomiy aqidaga ko‘ra, Alloh taolo ikki olam podshohi bo‘lgani uchun bu dunyoda ham, oxiratda ham barcha ishlar faqat Uning istak-xohishiga mavqufdir. Binobarin, mo‘minlar «biz jannatimiz» deb o‘zlaridan ketmasliklari, gunohkorlar esa «bizning do‘zaxga tushishimiz aniq», deb noumidlikka berilmay, o‘zlarini o‘nglab haq yo‘lga intilishlari lozimdir.

108. Endi baxtiyor zotlar esa jannatda bo‘lib, u joyda osmonlar va yer turguncha tururlar, magar Parvardigoringiz xohlasa (yana O’zi xohlagan hukmini qilur). Bu (ya’ni jannatga tushish baxtiga erishish Parvardigoringizning) tuganmas in’omidir.

109. Bas, siz, (ey Muhammad), ana ular (ya’ni mushriklar) ibodat qilayotgan narsadan shak-shubhada bo‘lmang (ya’ni ularning nohaq yo‘lda ekanliklari aniqdir). Ular ham xuddi ota-bobolari kabi ibodat qilmoqdalar (butga sig‘inmoqdalar), xolos (ularni ham ota-bobolarini halok qilganimiz kabi halok qilurmiz). Albatta, Biz ularning nasibalarini (ya’ni jazolarin) to‘la qilib berurmiz.

110. Darhaqiqat, Biz Musoga Kitob (ya’ni Tavrot) berganimizda, u haqda ixtilof qilingan edi (ya’ni, ayrim kishilar unga iymon keltirgan bo‘lsalar, ayrimlar uni inkor qildilar). Agar Parvardigoringiz tomonidan (barcha hisob-kitob qiyomat kunida bo‘ladi, degan) So‘z o‘tmaganida, ularning o‘rtasida (shu dunyodayoq kim haq, kim nohaq ekanligi haqida) hukm chiqarilgan bo‘lur edi. Albatta, ular (ya’ni Makka mushriklari) u haqda (ya’ni Qur’on xususida) shak-shubha ostidadirlar.

111. Qasamki, albatta barcha xaloyiqqa qilgan amallarining jazosini Parvardigoringiz komil qilib berur. Albatta, U zot ularning qilayotgan amallaridan xabardor — ogohdir.

112. Bas (ey Muhammad), siz va siz bilan birga tavba qilgan zotlar o‘zingizga buyurilgani yanglig‘ To‘g‘ri yo‘lda bo‘lingiz! Tug‘yonga tushmangiz! Albatta, U zot qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.

I z o h . Rivoyat qilinishicha, Qur’on oyatlaridan biron oyat Muhammad alayhis-salomga yuqoridagi oyatchalik qiyin - og‘ir ko‘rinmagan ekan. Zero, u kishi payg‘ambar bo‘lganlari uchun ham To‘g‘ri yo‘lda Alloh buyurganicha yashab o‘tish naqadar qiyin ekanligini hammadan yaxshiroq anglar edilar. Shuning uchun ham u zot mana shu oyat nozil bo‘lganida «Shayyabatniy Hud» — ya’ni, «Hud meni qaritdi», degan ekanlar.

113. Zulm yo‘lini tutgan kimsalarga berilib ketmanglar (ergashmanglar). Aks holda sizlarga do‘zax o‘ti yetar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biron do‘st yo‘qdir. Keyin (ya’ni zolimlarga ergashsangiz) sizlarga yordam berilmas.

114. Kunduzning har ikki tarafida va kechadan bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qiling! Albatta, yaxshi amallar yomonlik-gunohlarni ketkazur. Bu quloq tutguvchilar uchun eslatmadir.

115. (Ey Muhammad, mashaqqat va ozorlarga) sabr qiling! Zotan, Alloh chiroyli amal qilguvchilarning ajr-mukofotlarini zoe etmas.

116. Bas, sizlardan avvalgi asrlarda o‘tganlar orasida ham yerda buzg‘unchilikdan qaytaradigan boqiy (din) egalari bo‘lganlarida edi. Ularning ichlarida faqat Biz najot bergan kamdan-kam kishilargina (shunday zotlar edilar). Zolim kimsalar esa o‘z maishatlariga berilib ketdilar va jinoyatchi bo‘lib qoldilar.

117. Parvardigoringiz u shaharlarning O’zlarini tuzatib (haq yo‘lga yurgan) aholisini zulm bilan halok qilgan emasdir.

118-119. Agar Parvardigoringiz xohlaganida, barcha odamlarni bir millat (ya’ni bir dinga ergashuvchi) qilgan bo‘lur edi. (Lekin U Zot bunday qilishni istamadi. Shuning uchun) ular (odamlar) mudom ixtilof qilurlar, magar Parvardigoringiz rahm qilgan kishilargina (haq yo‘lda ittifoq bo‘lib yasharlar). Ularni shuning uchun (ya’ni birovlari haq yo‘lda xidoyat topishlari, boshqalari nohaq yo‘llarda talashib-tortishib yurishlari uchun) yaratgandir. Parvardigoringizning “Men jahannamni (kofir) jin va kofir odamlarning barchasi bilan to‘ldirurmen”, degan So‘zi to‘la haq bo‘ldi.

120. (Ey Muhammad), sizga payg‘ambarlarning xabarlaridan dilingizni mustahkam qiladigan qissalarni so‘ylab berurmiz va bu qissalarda sizga haqiqat va pand-nasihat hamda barcha mo‘minlar uchun eslatmalar keldi.

121-122. Iymon keltirmaydigan kimsalarga ayting: «O’zlaringiz bilgan amallaringizni qilaveringiz, biz ham o‘z amalimizni qilguvchimiz. Hamda (qilayotgan ishlaringizning oqibatini) kutaveringiz, biz ham kutuvchilarmiz.

123. Osmonlar va yer faqat Allohnikidir va barcha ishlar Uning O’ziga qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va O’ziga suyaning! Parvardigoringiz qilayotgan amallaringizdan g‘ofil — bexabar emasdir.



Gul bo'lsayu hid bo'lmasa chaman hayf,
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf.
Peshonasi Sajda ko'rmay o'lib ketsa,
U bandaga janozayu kafan hayf!
 
Форум » Дилимизда Ислом » Куръон тафсири узбек тилида » 11. "Hud"
Страница 1 из 11
Поиск:

Saytga kirish
Salom: Мехмон




Sherlar

Faol izohchilar

Mohigul77

Izohlar: 2292


uzbstar

Izohlar: 1110


AnDiJoNLiK_BeZoRi

Izohlar: 700


Yagona-Birdona

Izohlar: 680


_Yagona_

Izohlar: 545


Sms yuborish






Reklama
Sizning shahsiy:
Portalingiz,
OFFICE
MAGAZIN
MAHSULOT
BIZNES
ISH REJASI
Unda ushbu joy siz uchun !!!
Sifatli va arzon narhlarda REKLAMA o'rnating!
Malumot uchun:
E-Mail: Infomehmon@mail.ru
TeL.: +998 93 256-37-00


Portal ma'muriyati
PortaL Administratori:
Egamberdi Botirov
?????@mail.ru - Infomehmon@maiL.ru
TeL.: +998 93 256-37-00






Barcha huquqlar himoyalangan © 2010