www.Mehmon.uz - Mehmonimiz bo'ling...
tpl.if.ua
Sahifalar

Форум
MP3
Ислом
Фотоалбом
Шоу бизнес
Севги
Дунё хабарлари
Кизикарли хабарлар
Спорт янгиликлари
Кино олами
Жахон юлдузлари
Машхурлар хаёти
Пазандачилик
Авто олам
Табриклар
Фанатлар
Танишамиз
СмС Шерлар
Компютерингиз учун
Телефонингиз учун
Online тв ва fm pадио
Технологиялар
Web мастер
Сайт жуфтликлари
Смс юбориш
Сайт Конун - Коидалари
Шоир ва Шоираларимиз


Mini chat

 


Ob havo
??????.??????
??????.??????

Ovoz Bering!

Сиз бу йерда мезбон ! Узингизни кандай билябсиз ?
Барча жавоблар: 241


So'ngi Foydalanuvchilar

Aldipova

16.01.2017


Asmucova

15.01.2017


Abjetova

14.01.2017


RichardHIX

01.11.2016


Joshuaer

18.03.2016


Hisoblagich


-----------------------


-----------------------

[ Bugun saytga kirgan foydalanuvchilar ]
-----------------------






[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
Страница 1 из 11
Форум » Дилимизда Ислом » Куръон тафсири узбек тилида » 18. "Kahf"
18. "Kahf"
Mohigul77Дата: Душанба, 15.03.2010, 18:52 | Сообщение # 1
Оила
Группа: Админ
Сообщений: 2292
Репутация: 15
Статус: Offline
KAHF SURASI
Bu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, bir yuz o‘n oyatdan iboratdir. Surada kishilarning Tangri taologa bo‘lgan iymon-e’tiqodlarini mustahkamlash uchun eng go‘zal, ibratli qissalardan uchtasi so‘ylab beriladi. Ulardan birinchisi «Ashobul-Kahf» qissasi bo‘lib, unda zolim hokim istibdodidan dinu iymonlarini saqlab qolish uchun o‘z jonlarini fido qilgan yigitlarning bir kahfga - g‘orga panoh tortib kirishib, u joyda uch yuz yil qolib ketishgani haqida hikoya qilinadi. Suraning «Kahf»— «G’or» deb nomlanishiga sabab ham shudir. Ikkinchi qissa Muso va Xizir payg‘ambarlar qissalaridirki, unda Muso alayhis-salomning ilm yo‘lidagi xokisorliklari, Xizir alayhis-salomning boshqa payg‘ambarlarga berilmagan g‘oyibdan ogohlik ne’matiga muyassar bo‘lganliklari to‘g‘risidagi lavhalar ilohiy qalam bilan bayon etiladi. Uchinchi qissada Alloh taolo marhamati bilan butun dunyoni o‘z hukmida tutish sharafiga noil bo‘lgan adolat va taqvoda benazir buyuk shoh Zulqarnayn, u kishining fath-yurishlari xususida so‘z yuritiladi. Yana bu suradan molu davlat g‘ururlanishga arzimaydigan narsalar ekani, umuman bu hayoti dunyo o‘tkinchi – bebaqoligi haqida aytilgan bir qancha ibratli misollar ham joy olgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2-3. (Barcha) hamdu sano Alloh uchundir. U zot (kofirlarni) O’z huzuridan keladigan qattiq azobdan qo‘rqitish va yaxshi amallar qiladigan mo‘minlarga o‘zlari abadiy qoladigan go‘zal mukofot — jannat xushxabarini berish uchun — bandasi (Muhammad alayhis-salom)ga biron egriligi bo‘lmagan raso Kitob – Qur’onni nozil qilgandir.

4-5. Shuningdek, U zot o‘zlarining ham, ota-bobolarining ham biron bilimma’rifati bo‘lmaga holda, «Allohning bolasi bor», degan kimsalarni (qattiq azobdan) ogohlantirish uchun (ushbu Kitobni) nozil qilgandir. Ularning og‘izlaridan chiqqan so‘z og‘ir so‘zdir. Ular faqat yolg‘on so‘zlaydilar.

6. (Ey Muhammad), agar ular ushbu so‘zga – Qur’onga iymon keltirmasalar, ehtimol siz ularning ortidan, afsus-nadomat bilan o‘zingizni halok qilursiz (bundoq qilmoq sizga noravodir).

7. Albatta, Biz (bandalarimizdan) qaysilari chiroyliroq amallarni qilishlarini sinamoq uchun Yer ustidagi bor narsani unga ziynat — bezak qilib qo‘ydik (ya’ni, o‘sha bezaklarga aldanib, mag‘rurlanib qolmagan kishilargina Bizning sinovimizdan o‘turlar).

8. Hech shak-shubhasiz, uning (Yerning) ustidagi (bezaklar)ni sip-silliq, qupquruq qilib (yo‘q qilib) qo‘yguvchi ham Bizdirmiz.

9. Balki siz Kahf (g‘or) va Bitik (ularning qissalari bitilgan tosh) egalari (haqidagi rivoyatdan voqif bo‘lgach, bu) Bizning (oxirat, Qiyomat haqqi-rost ekanligi to‘g‘risidagi) oyatlarimizning eng ajoyibi, deb o‘ylagandirsiz?

I z o h . Mufassirlar yozishlaricha, «Ashobul-Kahf» - «G’or egalari»ning qissasi bundoq bo‘lgan ekan: Iyso alayhis-salom zamonlaridan keyin Rum davlatlaridan birida Daqyonus nomli zolim shox chiqib, odamlarni butlarga ibodat qilishga majbur qilar, amriga bo‘yinsunmagan kishilarni esa o‘ldirar ekan. Kunlardan birida, unga fuqarolaridan bir necha yigit uning farmonidan bosh tortishib, butlarga sig‘inishmayotganini yetkazibdilar. Podshoh ularni saroyiga chaqirib, bu xabarning rost-yolg‘onligini so‘raganida, ular: «Bizlar yolg‘iz Allohdan o‘zga biron kimsa yoki narsaga sig‘inmaymiz», deb javob qiladilar. Shunda shoh ularga: «Senlar yosh, chiroyli, baquvvat yigitlar ekansanlar, o‘z jonlaringga jabr qilmanglar. Men senlarni o‘ldirib yuborishga ko‘zim qiymayapti. Yaxshisi, ertalabgacha o‘ylab ko‘rib, ertaga menga javobini aytinglar», deb ularga ruxsat beradi. Yigitlar o‘zaro maslahatlashib, «Allohdan o‘zgaga bo‘yinsungandan ko‘ra shu badbaxt diyorni tark qilganimiz afzal», deyishib, tun qorong‘usida shaharni tark qilishadi. Yo‘lda yaylovdan o‘tib borayotganlarida ularga o‘sha yerlik bir cho‘ponning iti ham ergashadi. Tongga yaqin bir toqqa yetib borishib katta g‘orga kirib yashirinadilar. Ertalab bu voqeadan xabardor bo‘lgan shoh 33 askarlari bilan ularning ortidan tushib, usha g‘or og‘ziga yaqinlashgach, askarlar unga kirgani qo‘rqadilar. Shunda Daqyonus ularga g‘ordagi yigitlar ochlik va tashnalikdan qirilib ketishlari uchun g‘or og‘zini berkitib tashlashni buyuradi. Lekin Tangri taolo O’zining sadoqatli bandalarini halok bo‘lishdan saqlaydi – ularni uzoq uyquga cho‘mdiradi. Uyg‘onganlarida oradan uch yuz yil o‘tgan edi. Bundan bexabar yigitlar bir yo yarim kun uxladik, deb o‘ylaydilar va oralaridan bittalarini yashirincha shaharga yegulik xarid qilib kelish uchun jo‘natadilar. U yigit bozorga kelib taom sotib olib, yonidagi tangani uzatganida, sotuvchi hayron bo‘lib: «Bu Daqyonusdan qolgan tanga-ku, biron yerdan xazina topib oldingmi?» deb so‘raydi, Yigit ham hayron bo‘lib «Hech qanday xazina topib olganim yo‘q, bu mening qavmim ishlatadigan oddiy tanga», deb javob qilib, Daqyonusga nima bo‘lganini so‘raydi. Bu orada to‘planib ketgan odamlar uning allaqachon o‘lib ketganini aytishib, yigitni podshoh oldiga olib boradilar. Bu shoh mo‘min, solih kishi edi. Yigitdan o‘zi va o‘rtoqlarining boshidan kechgan voqealarni eshitgach, askarlari va shahar ahli bilan o‘sha g‘or og‘ziga boradilar. Ichkaridagi yigitlar Daqyonus olib ketgani keldi, deb o‘ylashib, o‘lim oldidan so‘nggi bor ibodat qilib olishga tutinadilar. Podshoh va uning odamlari g‘orga kirishib, ularni ibodat ustida ko‘radilar va namozlarini tugatganlaridan so‘ng podshoh yigitlarning har biri bilan quchoqlashib ko‘rishib, ularning boshlaridan kechgan sarguzasht Alloh taolo bandalarini Qiyomat kunida hisob-kitob qilish uchun qayta tiriltirishi haq ekaniga bir oyat — alomat ekanligini aytadi. Yuqorida mazkur bo‘lgan va quyida keladigan oyatlarda mana shu «Ashobul-Kahf» xususida so‘z ketadi.

10. Eslang, o‘shanda ular g‘orga panoh istab borishib: «Parvardigoro, bizlarga o‘z huzuringdan rahmat — marhamat ato etgin va bizlarning ishimizni O’zing o‘nglagin», dedilar.

11. Bas, Biz o‘sha g‘orda bir necha yil ularning quloqlariga urib (ya’ni, ularni uxlatib) qo‘ydik.

12. So‘ngra (ularning ichidagi qancha uxlaganlari haqida tortishadigan) ikki guruhdan qaysi biri turgan muddatlarini (to‘g‘ri) hisoblaganini bilish uchun ularni uyg‘otdik.

13. (Ey Muhammad), Biz sizga ularning hol-xabarlarini ro‘y-rost so‘ylamoqdamiz. Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga iymon keltirgan va Biz iymonlarini ziyoda qilgan yigitlardir.

14. Biz ularning dillarini (iymonlarini) quvvatlantirdik - o‘shanda ular (zolim shoh qarshisida) turib dedilar: «Bizning Parvardigorimiz osmonlar va yerning Parvardigoridir. Bizlar Undan o‘zga biron «iloh»ga hargiz iltijo qilmaymiz. Aks holda, nohaq so‘zni aytgan bo‘lurmiz.

15. Ana u qavmimiz esa Undan o‘zgalarni «iloh» qilib oldilar. Ular o‘zlari uchun (o‘sha butlarning iloh eqani haqida) biron hujjat keltirsalar edi. Bas, Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?!»

16. (Yigitlar) Modomiki ulardan (mushriklardan) va Allohdan o‘zga ular sig‘inayotgan narsalardan yuz o‘girgan ekansizlar, endi g‘orga panoh topib boringiz. Parvardigoringiz sizlarga O’z rahmat marhamatini keng — serob qilur va sizlarning ishlaringizni o‘nglar».

17. Quyosh chiqishda ularning g‘orlaridan o‘ng tarafdan o‘tib ketganini, botishda esa ulardan so‘l tomonga yiroqlashib ketganini (chiqishda ham, botishda ham ularni qizdirib, uyqu-oromlarini buzmaganini), ular esa (g‘or)ning to‘rida ekanliklarini ko‘rursan. Bu ham Allohning oyatmo‘‘ jizalaridan (biridir). Kimni Alloh hidoyat qilsa, bas, o‘shagina hidoyat topguvchidir. Kimni yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaguvchi biron do‘st topa olmassan.

18. Uyquda ekanlar, (ko‘zlari ochiq bo‘lgani uchun) sen ularni uyg‘oq, deb o‘ylarsan. Biz ularni (badanlaridan yerga tegib turgan tomoni chirib ketmasligi uchun) o‘ng tomon, so‘l tomonga aylantirib tururmiz. Ularning itlari esa oldi oyoqlarini ostonaga yozib yotur. Agar ularning ustidan chiqib kolsang (va ko‘zlari ochiq holda u yondan-bu yonga ag‘darilib yotganlarini ko‘rsang) ularning (ahvolidan) dahshatga tushib yuz o‘girib qochgan bo‘lur eding.

19. O’zaro savol-javob qilishlari uchun ularni (yigitlarni, qanday uxlatib qo‘ygan bo‘lsak) ana shunday uyg‘otdik. Ulardan biri dedi: «Qancha (muddat uxlagan) holda turdinglar?» Ular(ning ayrimlari): «Bir kun yo yarim kun», dedilar. (Qolganlari esa): «Qancha (uxlab) turganlaringizni yolg‘iz Parvardigoringiz bilur. Endi bir kishini mana shu pulingiz bilan shaharga jo‘natinglar, u eng sara, pokiza taomlarni tanlab, sizlarga undan rizq, nasiba olib kelsin. U ehtiyot bo‘lsin va sizlarni birontaga sezdirib qo‘ymasin.

20. Chunki ular (ya’ni, shahar ahli) sizlardan ogoh bo‘lib qolsalar, sizlarni toshbo‘ron qilurlar yoki yana o‘zlarining dinlariga qaytarurlar va, u holda, hech qachon qutula olmassizlar», deyishdi.

21. Shunday qilib, Allohning (qayta tiriltirish haqidagi) va’dasi haq ekanini va Qiyomat soatining (kelishi) shak-shubhasiz ekanini bilishlari uchun (odamlarni g‘ordagi yigitlarning ahvolidan) ogoh qildik. O’shanda (ya’ni, g‘ordagi yigitlar uyqularidan uyg‘onib, odamlar bu mo‘‘jizaning guvohi bo‘lganlaridan keyin, ular ajallari yetib vafot qilishgach) o‘zaro ularning ishlari haqida talashibtortisha boshladilar. Bas, (ayrim kishilar): «Ularning ustiga uylar bino qilinglar. Parvardigor ularning (qaysi joyda, qanday holda yotganlarini) juda yaxshi bilur», dedilar. Ularning ustida hukmron bo‘lgan (podshoh va saroy a’yonlari esa); «Albatta, siz ular (ya’ni, Ashobul-Kahf) qabrining ustida bir masjid qurib olurmiz», deyishdi.

22. Hali ular (ya’ni, payg‘ambar alayhis-salomga zamondosh bo‘lgan yahudiy va nasorolarning ayrimlari o‘sha Ashobul-Kahfni): «Uchtadir, to‘rtinchilari itlaridir», desalar, ayrimlari: «Ular beshta bo‘lib, oltinchilari itlaridir», deb g‘aybga tosh oturlar (aniq bilmagan narsalari haqida gap soturlar). Yana: «Ular yettitadirlar, sakkizinchilari itlaridir», ham deydilar. (Ey Muhammad), «Ularning sanoqlarini eng yaxshi biladigan zot Parvardigorimdir. Ularni juda oz kishi bilur», deng. Bas, ular (ya’ni zamondosh ahli kitoblar bilan Ashobul-Kahf) xususida (o‘zingizga nozil bo‘lgan vahiy vositasida) ochiq mujodala — munozara qiling va (Ashobul-Kahf) haqida ularning birontasidan fatvo - savol so‘ramang!

23-24. Va biron narsa haqida «Men albatta ertaga qilguvchiman», deya ko‘rmang, magar «Insha Alloh – Alloh xohlasa» (deng. Bu so‘zlarni aytishni) unutib qoldirgan vaqtingizda (yodingizga tushishi bilan): Parvardigoringizni zikr qiling (ya’ni «Insha Alloh», deng) va: «Shoyad Parvardigorim meni bundan ham (ya’ni, Ashobul-Kahf voqeasi haqida xabar berishdan ham) yaqinroq (mening haq payg‘ambar ekanligimga yaxshiroq dalolat qiladigan) To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilsa», deng!

I z o h . Mufassirlar rivoyat qilishlaricha, bu ikki oyat nozil qilinishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgandir, yahudiylar qurayshlik arablarga: «Borib Muhammaddan so‘ranglar-chi, agar haqiqatan ham payg‘ambar bo‘lsa, sizlarga ruh - jon haqida, Ashobul-Kahf va Zulqarnayn to‘g‘risida xabar bersin», degan ekanlar. Ular kelib payg‘ambar alayhissalomdan shu haqda, so‘raganlarida, u zot: «Ertaga kelinglar, albatta sizlarga javob qilurman», debdilaru, «Insha Alloh» so‘zini qo‘shmabdilar. Shunda bir qancha vaqt vahiy kelishi to‘xtab, so‘ngra payg‘ambar alayhis-salomga bir tanbeh bo‘lib yuqoridagi oyatlar nozil bo‘lgandir.

25. Ular kahf — g‘orlarida uch yuz yil turdilar va yana to‘qqiz yilni ziyoda ham qildilar.

I z o h . Ushbu oyat Ashobul-Kahfni o‘z g‘orlarida shamsiy hisob bilan uch yuz yil turganlari haqida xabar bermoqda. Keyingi to‘qqiz yil qo‘shilishi esa qamariy hisobdan kelib chiqqan. Shamsiy hisobdagi yuz yil qamariy hisobda bir yuz uch yilga to‘g‘ri keladi.

26. (Ey Muhammad), ayting: «Ularning qancha turganlarini Alloh juda yaxshi bilguvchidir. Osmonlar va Yerning sirlari yolg‘iz Unikidir. U zot naqadar ko‘rguvchi, eshitguvchidir! (Odamlar) uchun Undan o‘zga biron do‘st-madadkor yo‘qdir. U O’z hukmida hech kimni sherik qilmas».

27. (Ey Muhammad), siz faqat o‘zingizga vahiy qilingan Parvardigoringizning Kitobi Qur’onnigina tilovat qiling! Uning (Allohning) so‘zlarini o‘zgartiruvchi yo‘qdir. Hargiz Undan o‘zga biron panoh topa olmassiz.

I z o h . Bu oyat Quraysh kofirlari payg‘ambar alayhis-salomga: «Bundan boshqa Qur’on keltirsang yoki uning oyatlarini o‘zgartirsang, bizlar ham senga iymon keltirar edik», deganlarida nozil bo‘lgandir.

28. Siz o‘zingizni ertayu, kech Parvardigorlarining yuzini – roziligini istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko‘zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko‘zlab, ulardan o‘tib (o‘zga ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr qilishdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi-nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang!

I z o h. Makka zodagonlari payg‘ambar alayhis-salomga: “Yoningdan Suhayb, Ammor, Solmon kabi qullarni quvsang, bizlar ham senga ergashar edik», deganlarida, u kofir kimsalarga itoat qilmaslikni buyurib, Tangri taolo o‘z payg‘ambariga yuqoridagi oyatni tushirdi.

29. Ayting: «(Bu Qur’on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin». Aniqki, Biz zolim — kofirlar uchun alangalari do‘zaxilarni o‘rab-chirmab oladigan do‘zaxni tayyorlab ko‘ygandirmiz. Agar ular (tashnalik shiddatiga chidamay) suv so‘rasalar, eritilgan (dog‘langan) yog‘ kabi yuzlarni kuydirguvchi suv berilur. Naqadar yomon ichimlik u, naqadar yomon joy u!

30. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar esa, shak-shubhasiz - Biz (ular kabi) chiroyli amallar qilgan kishilarning ajr-mukofotini zoe qilmasmiz.

31. Ular uchun ostlaridan daryolar oqib turadigan abadiy jannatlar bor bo‘lib, ular u joyda oltindan bo‘lgan bilakuzuklar bilan bezanurlar va ipak-shoyilardan bo‘lgan, yashnab turuvchi liboslar kiyib, so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar go‘zal joy u!

32. (Ey Muhammad, kofirlarga) ikki kishi (haqidagi) masalni keltiring. Ulardan biri uchun ikki uzumzor bog‘ qilib, u ikkisini xurmozor bilan o‘ragan va o‘rtalarini ekinzor qilgan edik.

33. Har ikki bog‘ hosillarini bekamu ko‘st berar, Biz ularning o‘rtasidan bir anhor o‘tkazgan edik.

34. Yana uning (o‘sha kishining) mol-davlati ham bor edi. Bas, u birodariga maqtanib: «Mening mol-dunyoim senikidan ko‘proq va odamlarim kuchliroq, quvvatliroq», dedi.

35. Va (kofirlik bilan) o‘ziga zulm qilgan holda, bog‘iga kirar ekan, aytdi: «Bu (bog‘ — mening molu davlatim) hech qachon yo‘q bo‘lmaydi.

36. Va Qiyomat ham qoyim bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Qasamki, agar Parvardigorimga qaytarilsam, (ya’ni, Qiyomat qoyim bo‘lib, qayta tirilsam) albatta bundan ham yaxshiroq oqibat - baxtni topurman».

37. Birodari unga xitob qilib, dedi: «Sen o‘zingni (asli-nasling bo‘lmish Odamni) tuproqdan so‘ng nutfa — bir tomchi suvdan yaratib, so‘ngra uni) inson qilib rostlagan zot - Allohga kofir bo‘ldingmi?!

38. Men esa: «U – Alloh Parvardigorimdir», (deyman) va Parvardigorimga hech kimni sherik qilmayman.

39. Sen bog‘ingga kirgan paytingda: «Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir», desang edi! Agar sen meni mol-davlat va bola-chaqa jihatidan o‘zingdan kamroq deb bilsang.

40. Shoyadki, Parvardigorim menga sening bog‘ingdan yaxshiroq (bir bog‘) ato etar (sening bog‘ingga esa) osmondan chaqmoqlar yuborur, bas, u sip-silliq yerga aylanib qolur.

41. Yoki uning suvi (erga singib ketib, sen u)ni istab ham topa olmay qolursan»

42. (Darhaqiqat), uning meva-bog‘i halok qilindi. O’zi esa huvillab qolgan ishkomlarini (ko‘rib) va ularga sarflagan narsalarini (o‘ylab), chapak chalganicha (afsus-nadomat chekkanicha): «Qani edi, men ham Parvardigorimga hech kimni sherik qilmaganimda!» deb qolaverdi.

43. Shuningdek, uning uchun Allohdan o‘zga na bir yordam beradigan jamoat bo‘ldi va na o‘zi (o‘ziga) yordam bera olguvchi bo‘ldi.

44. U joyda (Qiyomat kunida) ham saltanat Haq taolonikidir. U eng yaxshi savob - mukofot ato etguvchi va eng xayrli oqibatni berguvchi zotdir.

45. (Ey Muhammad, odamlarga) hayoti dunyo misolini keltiring, (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz osmondan yog‘dirib (avval — kishi hayotining bahorida) u sababli zamin nabototi (bir-biriga) aralashib-chirmashib ketur, so‘ngra (hayot kuzi kelgach) shamollar uchirib ketadigan xas-xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir bo‘lgan zotdir.

46. Mol-mulk, bola-chaqa shu hayoti dunyo ziynatidir. Parvardigoringiz nazdida esa (abadiy) qolguvchi yaxshi amallar savobliroq va orzuliroq (orzu qilishga arzirliroqdir).

47. Biz tog‘larni (bulutlar yanglig‘) yurgizadigan va siz (barchangiz) Yerni ochiq-yalang‘och (tog‘-toshlarsiz, bog‘-rog‘larsiz) ko‘radigan Kunni (ya’ni, Qiyomatni eslangiz)! (U Kunda) Biz ulardan birontasini qo‘ymay yig‘dik.

48. Ular saf tortgan hollarida Parvardigoringizga ro‘baro‘ qilindilar (va Biz ularga aytdik): «Mana, sizlarni avval-boshda qanday yaratgan bo‘lsak, shunday holda (ya’ni, mol-dunyo, bola-chaqalaringizni tark qilib, yalang‘och holingizda) huzurimizga keldingiz. Balki Bizni, sizlarga va’da qilingan Kunni (ya’ni, Qiyomatni paydo) qila olmas, deb o‘ylagandirsizlar?!»

49. (So‘ng har bir kishining) nomai a’moli o‘rtaga qo‘yilur. Bas, gunohkorlarning unda (bitilgan) narsalardan dahshatga tushib: «Bizlarga halokat bo‘lg‘ay, bu qandoq kitobki, na kichik va na katta (gunohni) qoldirmay, barchasini hisoblab-bitib qo‘yibdi», deyishlarini ko‘rursiz. Ular qilib o‘tgan barcha amallarini hoziru nozir holda topurlar. Parvardigoringiz hech kimga zulm qilmas.

50. Eslang, (ey Muhammad), farishtalarga Odamga ta’zim qiling, deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo‘yinsunishdan bosh tortdi. Endi sizlar (ey Odam bolalari)» Meni qo‘yib, uni (ya’ni, iblisni) va zurriyotlarini do‘st tururmisiz?! Ular sizlarga dushman-ku! U (iblis) zolim kimsalar uchun (Allohning o‘rniga ibodat qilinadigan) naqadar yomon «badal o‘rinbosardir».

51. Men ularni (iblis va uning zurriyotini) osmonlar va Yerni yaratishga va na o‘zlarini yaratishga guvoh qilgan emasman (ya’ni, ular yeru osmonlar qanday yaralganini ham, o‘zlari qanday yaralganliklarini ham mutlaqo bilmaydilar, bularning barchasini yolg‘iz O’zim yaratganman), shuningdek, bu yo‘ldan ozdirguvchilarni (O’zimga) yordamchi ham qilib olganim yo‘q (bas, sizlar nechun ularga ibodat qilursizlar)?!

52. U Kunda (Qiyomat qoyim bo‘lganida, Alloh): «Sizlar Mening sheriklarim deb o‘ylagan butlaringizni) chaqiringiz», der. Bas, (mushriklar) ularni chorlaganlarida, (ular) javob qila olmaydilar. (Chunki) Biz ularning o‘rtalarida halokat chohini (do‘zaxni) paydo qilib ko‘ygandirmiz.

53. Gunohkor kimsalar do‘zaxni ko‘rib, o‘zlarining unga tushuvchi ekanliklarini o‘yladilar, ammo undan qocharga joy topmadilar.

54. Biz bu Qur’onda odamlarga (pand-nasihat olishlari uchun) turli masallar bayon qildik. Darhaqiqat, inson juda ko‘p janjal-bahs qilguvchidir.

55. Odamlarga hidoyat kelgan paytida, ular iymon keltirishlaridan va Parvardigordan mag‘firat so‘rashlaridan faqat ularga o‘tganlarning sunnati — halokatlari kelishi yoki ochiq azob kelishini (kutishlarigina) to‘sdi (ya’ni, ular avvalgi kofir kimsalarga tushgan halokatga yo azobga loyiq ekanliklarigina ularni mo‘min bo‘lishdan man’ qildi).

56. Biz payg‘ambarlarni faqat (mo‘minlarga jannat) xushxabarini eltuvchi va (kofirlarni do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi bo‘lgan hollaridagina yuborurmiz. Kofir bo‘lgan kimsalar esa botil (hujjatlar) bilan talashib-tortishib, uning yordamida Haqni yengmoqchi bo‘lurlar hamda Mening oyatlarimni va o‘zlari ogoxlantirilgan narsani (ya’ni, oxirat azobini) masxara qilib kulurlar.

57. Parvardigorining oyatlari bilan pand-nasihat qilingach, ulardan yuz o‘girgan, o‘zi qilib o‘tgan gunohlarini unutib qo‘ygan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Darhaqiqat, Biz (Qur’onni) anglamasliklari uchun ularning dillarini pardalab, quloqlarini og‘ir qilib qo‘ydik. Demak, agar siz ularni hidoyat — haq yo‘lga chaqirsangiz ham hargiz hidoyat topmaslar.

58. Parvardigoringiz mag‘firatli, mehr-shafqat sohibidir. Agar ularni (kofirlarni) qilgan gunoxlari bilan ushlaganida, ularga azobni naqd qilgan bo‘lur edi. Yo‘q, ular uchun va’da qilingan bir vaqt (Qiyomat) borki, (u vaqtda Allohdan) o‘zga biron pushtipanoh topa olmaslar.

59. Ana u shaharlarni (ularning aholisini, ular) zulm qilishgach, halokat vaqtlarini aniq belgilab (ya’ni, payg‘ambarlaringizga itoat qilmasangizlar, halok bo‘lursizlar, deb) qo‘ygan holimizda, halok qildik.

60. Muso (o‘zining xizmatkor) yigitiga: «To ikki dengiz qo‘shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq zamonlar kezmaguncha yurishdan to‘xtamayman», degan paytini eslangiz.

I z o h . Mana shu oyat bilan Muso va Xizir payg‘ambarlar haqidagi qissa boshlanadi. Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhis-salom Tangri taologa munojot qilib: «Bandalaring orasida mendan ilmi ziyodaroq bo‘lgan kishi bormi?» deb so‘raganida, Alloh taolo: «Ha, Xizir sendan olimroq», deb javob qilgan ekan. Shunda Muso: «U zotni qandoq izlab topurman?» deganida, «Dengiz sohilidagi qoya oldidan topursan», degan javob bo‘libdi. «U yerga qanday borilur?» deb so‘raganida, Alloh taolo aytgan ekan: «Bir baliqni savatga solib, yo‘lga chiqarsan. Qaerda uni yo‘qotib qo‘ysang, Xizirni o‘sha yerdan topursan!» Shundan keyin Muso xizmatkor yigitiga baliq solingan savatni berib: «Bu baliqni yo‘qotgan joyingda menga aytarsan», deb tayinlab yo‘lga tushibdilar.

61. Endi qachonki, u ikkisi (ikki dengiz) qo‘shiladigan yerga yetishgach, baliqlarini unutdilar. Bas, u (baliq) dengizga qarab yo‘l oldi.

62. Bas, qachonki (u yerdan) o‘tishgach, (Muso) yigitiga: «Nonushtamizni keltir, haqiqatan bu safarimizdan juda charchadik», degan edi.

63. U (xizmatkor) aytdi: «Buni ko‘ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni (unga jon kirib savatdan tushib ketganini) unutibman. (Bu voqeani sizga) aytishni faqat shayton yodimdan chiqardi. U (baliq) dengizga ajoyib (sezdirmagan yo‘sinda) yo‘l olgan edi».

64. (Muso) dedi: «Mana shu biz istagan narsadir». So‘ng uni (Xizirni) izlab ortlariga qaytdilar.

65. Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga O’z dargohimizdan rahmat (ya’ni, payg‘ambarlik) ato etgan va O’z huzurimizdan ilm bergan edik.

66. Muso unga: «Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to‘g‘ri yo‘lni ta’lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?» dedi.

67. U (Xizir) aytdi: «Aniqki, sen men bilan birga (ilm mashaqqatlariga) sabr qilishga hargiz toqating yetmas.

68. (Zotan) o‘zing egallab olmagan — xabardor bo‘lmagan narsaga qanday sabr qilursan?!»

69. (Muso) dedi: «Insha Alloh, sen mening sabr-toqatli ekanimni ko‘rursan. Men biron ishda senga osiylik itoatsizlik qilmasman».

70. U (Xizir) aytdi: «Bas, agar menga ergashsang, to o‘zim senga aytmagunimcha biron narsa haqida mendan so‘ramagin!»

71. Bas, ikkov yo‘lga tushdilar. To borib bir kemaga minishlari bilan (Xizir kemani) teshib qo‘ydi. (Muso) aytdi: «Uni odamlarni g‘arq qilish uchun teshdingmi?!»

72. U (Xizir) dedi: «Aniqki, sen men bilan birga sabr qilishga hargiz toqating yetmas, demaganmidim?!»

73. (Muso) aytdi: «Unutganim sababli, meni ayblamagin va bu ishim uchun meni mashaqqatga duchor qilmagin».

74. So‘ng yana yo‘lga tushdilar. To borib bir bolaga ro‘baro‘ bo‘lganlarida (Xizir) uni o‘ldirdi. (Buni ko‘rgan Muso) dedi: «Birovni o‘ldirmagan bir begunoh jonni o‘ldirding-a. Darhaqiqat, (sen) buzuq ish qilding!»

O’N OLTINCHI JUZ’

75. U (Xizir) dedi: «Men senga, sen men bilan birga sabr kilishga hargiz toqating yetmas, demaganmidim?!»

76. (Muso) dedi: «Agar bundan buyon sendan biron narsa haqida so‘rasam, meni o‘zingga hamroh qilmagin. Chunki (u holda) men tomonimdan uzrga yetgan bo‘lursan (ya’ni, u holda meni tashlab ketganing uchun seni ayblay olmasman)».

77. So‘ng (ular) yana yo‘lga tushdilar. To bir shahar ahlining oldiga kelib ulardan taom so‘ragan edilar, ular mehmon qilishdan bosh tortishdi. Keyin o‘sha joyda yiqilay deb turgan bir devorni ko‘rishgach, (Xizir) uni tiklab qo‘ydi. (Muso) dedi: «Agar xohlasang, bu ishing uchun haq olishing mumkin edi».

78. U (Xizir) aytdi: «Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vili (sharhi)dan ogoh qilurman.

79. Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan (yuradigan) miskinbechoralarniki edi. Bas, men uni aybli qilib qo‘ymoqchi bo‘ldim. (Chunki) ularning (kemadagilarning) ortida (ko‘zlab ketayotgan manzillarida) barcha (butun) kemalarni talon-toroj qilib, tortib olguvchi bir podshoh bor edi.

80. Haligi bolaning esa ota-onalari mo‘min kishilar edilar. Bas, biz u (bola) tug‘yon va kufr bilan ularni qiynab qo‘yishidan qo‘rqdik.

81. Shu sababdan, ularga Parvardigor (bola)dan ko‘ra pokizaroq, undan ko‘ra mehribonroq (boshqa bir bolani) badal-evaz qilib berishini istadik.

82. Endi devor esa shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo‘lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otalari juda yaxshi kishi edi. Bas, Parvardigoring ular voyaga yetib, Parvardigoringning rahmat-marhamati bo‘lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu (ishlarning birontasini) o‘z-o‘zimcha qilganim yo‘q. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vilidir».

I z o h . Mazkur ilohiy qissadan olinadigan ibrat bandalarga berilgan ilmning cheksizchegarasiz ekanligidir. Payg‘ambarlar tarixidan ma’lumki, Muso alayhis-salom «Kalimulloh»— «Alloh taolo bilan bevosita so‘zlashguvchi» degan nomga sazovor bo‘lgan zotdirlar. Demak, u kishi, Yaratgan bilan savol-javob qilganlarida, o‘rtada hatto farishta ham vositachilik qilmagan — bor haqiqatni Haq taoloning O’zidan olganlar. Binobarin, o‘zlaricha dunyoda mendan ham ilmliroq odam bormikan, degan fikr ko‘ngillaridan kechgan bo‘lsa kerakki, yuqoridagi oyatlarda zikr qilingan qissada Tangri O’z payg‘ambarini ogohlantirib, go‘yo shunday deydi: «Agar senga bo‘lib o‘tgan barcha narsalar to‘g‘risida bilim bergan bo‘lsam, bandalarim orasida shunday bir kishi ham mavjudki, unga endi bo‘ladigan narsalarning bilimini ato etgandirman - ya’ni, sen o‘z ilm-ma’rifating bilan butun dunyoga ustoz bo‘lishing mumkin, ammo u bandamga shogird bo‘lishga ham ojizlik qilursan». Bu hikoya bilan Alloh O’zining: «Har bir bilim sohibi ustida undan-da bilimdonroq birov bordir», degan oyati karimasini yana bir karra isbot etadi. Endi quyidagi oyatlarda Zul-qarnayn haqida hikoya qilinadi. Qadimda yashab o‘tgan bu buyuk shohning nima sababdan Zul-qarnayn — ikki shox egasi deb atalishi xususida xilma-xil rivoyatlar bordir. Ba’zilar uning boshida ikkita shoxi bo‘lgan, desalar boshqa rivoyatlarda u ikki kokilli edi, deyiladi. Yana bir mo‘‘tabar manba’da esa, Yerning Sharqu G’arbiga hukmronlik kilgani uchun ham ikki shox egasi degan nom olgan, deyiladi. Quyida Tangri taoloning ana o‘sha iymon va taqvo egasi bo‘lgan bandasining yer yuzida haqni qaror topdirish uchun qilgan sa’y-harakatlari haqida so‘ylanadi.

83. (Ey Muhammad), yana sizdan Zul-qarnayn haqida so‘raydilar. Ayting: «Endi men sizlarga u haqdagi xabarni tilovat qilurman».

84. Darhaqiqat, Biz unga (Zul-qarnaynga) bu Yerda saltanat – hukmronlik berdik va (ko‘zlagan) barcha narsasiga yo‘l-imkoniyat ato etdik.

85. Bas, u (avval G’arbga qarab) yo‘l oldi.

86. To (ketayotib) kun botadigan joyga yetgach u (quyoshning) bir loyqa buloqqa botayotganini ko‘rdi va u (buloq) oldida bir qavmni uchratdi. Biz: «Ey Zul-qarnayn, yo (ularni) azobga duchor qilursan, yoki ularga yaxshi muomalada bo‘lursan», dedik.

87. U aytdi: «Zolim bo‘lgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So‘ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yana dahshatli azob bilan azoblar.

88. Endi iymon keltirib yaxshi amallar qilgan zotga kelsak, uning uchun go‘zal oqibat — jannat mukofot bo‘lur. Biz ham unga ishimizdan oson-engillarini buyururmiz».

89. So‘ngra, u (Sharqqa qarab) yo‘l oldi.

90. To (ketayotib) kun chiqishga yetib borgach, uning (quyoshning) bir qavm ustiga chiqayotganini (ko‘tarilayotganini) ko‘rdiki, Biz u (qavm) uchun quyoshdan (saqlanadigan uy libos kabi) biron parda qilmagan edik.

91. Xuddi ilgarigidek bo‘ldi (ya’ni, Zul-qarnayn bu qavmga ham kun botishdagi qavmga qilgan muomalani qildi). Aniqki, Biz uning barcha ishlaridan xabardormiz - (uni) ihota qilib olgandirmiz.

92. So‘ngra, u yana yo‘l oldi.

93. To (ketayotib) ikki tog‘ o‘rtasiga yetib kelgach, u (tog‘lar ortida) biron gapni anglay olmaydigan qavmni uchratdi.

94. Ular: «Ey Zul-qarnayn, shak-shubhasiz, (shu tog‘lar ortidagi) Ya’juj va Ma’juj (qabilalari) Yer yuzida buzg‘unchilik qilguvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) to‘lov to‘lasak, (bilan ularning o‘rtasiga bir sad chekib (bir to‘g‘on qurib) berurmisan?» dedilar.

95. U (Zul-qarnayn) aytdi: «Parvardigorim menga ato etgan (saltanat) sizlar beradigan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga (mol-dunyo bilan emas, balki) quvvat bilan yordam beringlar, men sizlar bilan ularning o‘rtasiga bir devor bino qilay.

96. Sizlar menga temir parchalarini keltiringlar». To (temir parchalari) ikkala tog‘ bilan barobar bo‘lgach, (Zul-qarnayn: «(Bosqonlar bilan) dam uringlar», dedi. Bas, qachon u (temir-tersaklarni qizdirib) o‘t qilgach (eritgach), dedi: «Menga eritilgan mis (ham) keltiringlar, uni (temir parchalarining) ustidan quyurman.

97. Endi ular u (to‘siq) ustiga chiqishga ham, uni teshib o‘tishga ham qodir emaslar».

98. «Bu Parvardigorim tomonidan bo‘lgan bir marhamatdir. Endi qachon Parvardigorim (Ya’juj va Ma’juj chiqadi, deb) va’da qilgan vaqt kelganida (ya’ni, Qiyomat qoyim bo‘lishiga yaqin qolganida), O’zi u (to‘siqni) tep-tekis qilib qo‘yur. Parvardigorimning va’dasi haqdir», dedi u.

99. U Kunda (Qiyomatda, odamlarni) bir-birlariga aralash-quralash qilib tashladik. Sur chalingach, ularning barchalarini to‘pladik.

100. U Kunda kofirlar uchun jahannamni ko‘ndalang qilib qo‘ydik.

101. Ularning ko‘zlari (dunyoda) Mening eslatmalarimdan to‘silgan edi. Ular (Mening pand-nasihatlarimni) eshitishga ham qodir emas edilar.

102. Yoki kofir bo‘lgan kimsalar, Meni qo‘yib, bandalarimni do‘st tutishni (O’zim yaratgan farishtalar yoki Iyso kabi payg‘ambarni iloh deb sig‘inishni) o‘yladilarmi?! Shak-shubhasiz, Biz jahannamni kofirlar tushadigan joy qilib qo‘ygandirmiz.

103. (Ey Muhammad), ayting: «Sizlarga qilgan ish-amallaridan eng ko‘p ziyon ko‘rguvchi kimsalarning xabarini beraylikmi?!

104. Ular (kofir bo‘lganlari sababli) qilgan sa’y-harakatlari hayoti dunyodayoq yo‘q bo‘lib ketgan-u, ammo (nodonliklari sababli) o‘zlarini chiroyli — yaxshi amal qilayotgan kishilar, deb hisoblaydigan kimsalardir!»

105. Ular Parvardigorlarining oyatlarini va U zotga ro‘baro‘ bo‘lishni inkor qilishib, butun ish-amallari behuda ketgan kimsalardir. Bas, Biz Qiyomat kunida ular (qilib o‘tgan amallar) uchun hech qanday qadr-qiymat bermasmiz!

106. Kofir bo‘lganlari hamda Mening oyatlarimni va payg‘ambarlarimni masxara qilganlari sababli, ularning jazolari o‘sha jahannamdir!

107. Albatta, iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun Firdavs bog‘lari manzil bo‘lur.

108. Ular, u joylarda mangu qolar ekanlar, (boshqa biron joyga) ko‘chishni istamaslar.

109. Ayting: «Agar barcha dengiz Parvardigorimning so‘zlari (ya’ni, ilmu hikmatlarini bitish) uchun siyoh bo‘lsa va yana shuncha siyoh keltirsak ham, Parvardigorimning so‘zlari bitishidan ilgari, u dengizlar tugab bitar!»

110. (Ey Muhammad, Ularga) ayting: «Hech shak-shubha yo‘qki, men ham sizlar kabi bir odamdirman. Menga Tangringiz yolg‘iz Allohning O’zi ekani vahiy etilmoqda. Bas, kim Parvardigoriga ro‘baro‘ bo‘lishidan umidvor bo‘lsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani (unga) sherik qilmasin! (Ya’ni, qiladigan barcha amallarini yolg‘iz Alloh uchun qilsin)».


Gul bo'lsayu hid bo'lmasa chaman hayf,
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf.
Peshonasi Sajda ko'rmay o'lib ketsa,
U bandaga janozayu kafan hayf!
 
Форум » Дилимизда Ислом » Куръон тафсири узбек тилида » 18. "Kahf"
Страница 1 из 11
Поиск:

Saytga kirish
Salom: Мехмон




Sherlar

Faol izohchilar

Mohigul77

Izohlar: 2292


uzbstar

Izohlar: 1110


AnDiJoNLiK_BeZoRi

Izohlar: 700


Yagona-Birdona

Izohlar: 680


_Yagona_

Izohlar: 545


Sms yuborish






Reklama
Sizning shahsiy:
Portalingiz,
OFFICE
MAGAZIN
MAHSULOT
BIZNES
ISH REJASI
Unda ushbu joy siz uchun !!!
Sifatli va arzon narhlarda REKLAMA o'rnating!
Malumot uchun:
E-Mail: Infomehmon@mail.ru
TeL.: +998 93 256-37-00


Portal ma'muriyati
PortaL Administratori:
Egamberdi Botirov
?????@mail.ru - Infomehmon@maiL.ru
TeL.: +998 93 256-37-00






Barcha huquqlar himoyalangan © 2010