NAML SURASI
Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, to‘qson uch oyatdan iboratdir. Unda payg‘ambarlardan Muso, Solih, Lut alayhis-salomlarning qissalari zikr qilinadi va, xususan, Dovud va Sulaymon payg‘ambarlar haqida bir qadar batafsil to‘xtalib, Sulaymon alayhis-salom Alloh taoloning payg‘ambari bo‘lish bilan birga yana jamiyki insu-jin va parrandayu-darranda olamiga podshoh qilingani to‘g‘risida hikoya qilinadi hamda u zot bilan Saba’ mamlakatining Malikasi Bilqis o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqealar ham tasvirlanadi. Yana bu surada Qur’ondagi pand-nasihat, ibrat-eslatmalardan faqat ko‘zi ochiq kishilargina foydalanishlari mumkinligi ayricha ta’kidlab o‘tiladi. Shuningdek, qiyomat qoyim bo‘lishi oldidan yer yuziga chiqadigan jonivor haqidagi xabar hamda mo‘min va kofirlarning qiyomat kunidagi ahvoli xususidagi ibratli oyatlar ham shu suradan joy olgandir. Surada Alloh taoloning eng zaif va zahmatkash maxluqlaridan biri bo‘lgan chumoli haqida ham zikr qilingani sababli uni «Naml — Chumoli» surasi deb atalgandir. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
1. To, Sin. Ushbu (oyatlar) Qur’on — ochiq Kitob oyatlaridir.
2-3. (Bu oyatlar) namozni to‘kis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan va oxiratga aniq ishonuvchi bo‘lgan kishilar – mo‘‘minlar uchun hidoyat va xushxabardir.
4. Albatta oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalar uchun Biz (qilayotgan) amallarini chiroyli ko‘rsatib qo‘ygandirmiz. Bas ular adashib-uloqib yuraveradilar.
5. Ana o‘sha kimsalar uchun (dunyoda ham) eng yomon azob bordir va ular oxiratda eng ko‘p ziyon ko‘rguvchi kimsalardir.
6. (Ey Muhammad), shak-shubhasiz sizga bu Qur’on dono va bilguvchi Zot dargohidan berilur.
7. Muso axli-oilasiga: «Men olov ko‘rib qoldim. Sizlarga undan biron xabar keltirurman yoki sizlarga isinib olishingiz uchun bir o‘t-cho‘g‘ keltirurman», deganini eslang.
8. Endi qachonki u olov oldiga kelgach, unga nido qilindi: «Olov oldidagi kishiga (ya’ni Musoga) va uning atrofidagi zotlarga (farishtalarga) xayrubarakot bo‘lsin. Barcha olamlarning Parvardigori — Alloh (aybu-nuqsondan) pokdir.
9. Ey Muso, shak-shubhasiz Men g‘olib va hikmat sohibi Allohdirman.
10. Asoingni tashlagin!» Bas qachonki (Muso) uning ilondek qimirlayotganini ko‘rgach, ortiga qaramay qochdi. (Shunda Biz dedik): Ey Muso, qo‘rqmagin. Zero, Mening xuzurimda payg‘ambarlarim qo‘rqmaslar.
11. Lekin kim zulm qilsa-yu, so‘ngra — yomonlikdan keyin, uni chiroyli (amalga) almashtirsa, bas albatta Men mag‘firatli, mehribondirman.
12. Qo‘lingni cho‘ntagingga solgin, u hech qanday dardsiz oppoq bo‘lib chiqur. (Bu mo‘‘jizalar) sen (Fir’an va uning qavmiga) olib boradigan to‘qqiz oyatmo‘‘ jiza ichida bordir. Darxaqiqat ular itoatsiz qavm bo‘ldilar.
13. Bas qachonki ularga Bizning oyat-mo‘‘jizalarimiz ravshan holda yetib kelgach, ular: «Bu ochiq sehrdir», dedilar.
14. Va o‘zlari aniq bilgan hollarida zulm va kibr qilib, u (mo‘‘jizalarni) inkor etdilar. Endi (ey Muhammad), u buzg‘unchi kimsalarning oqibati qanday bo‘lganini ko‘ring.
15. Qasamki, Biz Dovud va Sulaymonga (etuk) bilim ato etdik va ular: «Bizlarni ko‘p mo‘min bandalaridan afzal qilib qo‘ygan zot –Allohga hamdu sano bo‘lsin», dedilar.
16. Sulaymon (payg‘ambarlik va ilmda) Dovudga voris bo‘ldi va aytdi: «Ey odamlar, bizga qushlarning (va barcha jonivorlarning) tili bildirildi hamda (payg‘ambar va podshoxlarga beriladigan) barcha narsalardan berildi. Albatta bu ochiq fazlu-marhamatning o‘zidir.
17. Sulaymon (amri bilan) jin, ins va qushlardan bo‘lgan lashkarlari to‘planib, tizilgan hollarida turdilar.
18. To ular chumolilar vodiysiga yetgan vaqtlarida, bir chumoli: «Ey chumolilar, uyalaringizga kiringlar, yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar», degan edi.
19. (Sulaymon) uning so‘zidan kulib-tabassum qildi va dedi: «Parvardigorim, meni Sen menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O’zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga muvaffaq etgin va meni ham O’z fazlu rahmating bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin».
20-21. U qushlarni ko‘zdan kechirib (ularning orasida hudhudga ko‘zi tushmagach): «Nega men hudhudni ko‘rmayapman, balki u (mendan beizn) g‘oyib bo‘lguvchilardandir?! Albatta uni qattiq azob bilan azoblarman yo so‘yib yuborurman yoki u menga (o‘z uzrini bayon qilib) ochiq hujjat keltirur», dedi.
22. So‘ng uzoqqa qolmay (hudhud kelib) dedi: «Men sen ogoh bo‘lmagan narsadan ogoh bo‘ldim va senga Saba’ (shahri) dan aniq bir xabar keltirdim.
23. Darhaqiqat men bir ayolni ko‘rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo‘lib, katta taxti ham bordir.
I z o h. Sulaymon alayhis-salom zamonlarida (miloddan ilgari — taxminan o‘ninchi asrda) Yaman mamlakatining Saba’ shahrida Bilqiys ismli ayol hukmronlik qilgan.
24-25. Men u va uning qavmi Allohni qo‘yib, quyoshga sajda-ibodat qilayotganlarini ko‘rdim». Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko‘rsatib, ularni (Haq) yo‘ldan to‘sib qo‘ygandir. Bas ular (to) Allohga sajda qilmagunlaricha (Haq yo‘lga) hidoyat topmaslar. (Alloh) osmonlar va yerdagi barcha sirlarni oshkor qiladigan hamda sizlar yashiradigan va oshkor qiladigan barcha narsalarni ham biladigan zotdir.
I z o h. Ushbu oyat sajda oyati bo‘lib, uni o‘quvchiga ham, eshitguvchiga ham bir marta sajda qilish vojibdir.
26. «Alloh — hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. U ulug‘ arsh egasidir».
27. (Sulaymon) dedi: «Sen rost so‘zladingmi ski yolg‘onchilardan bo‘ldingmi, ko‘rurmiz.
28. Mana bu maktubimni olib borib, ularga tashlagin, so‘ngra ulardan chetlanib kuzatgin-chi, nima (javob) qaytarar ekanlar».
29. (Qachonki hudhud Sulaymonning maktubini olib kelib, malika Bilqiysning oldiga tashlagach) u dedi: «Ey odamlar, haqiqatan menga ulug‘ bir maktub tashlandi.
30-31. Albatta u Sulaymondandir va u (maktubda shunday bitilgandir): «Mehribon va rahmdil Alloh nomi bilan boshlayman. Sizlar menga kibr-havo qilmay, huzurimga bo‘yinsungan holingizda kelingiz!»
32. (Malika) aytdi: «Ey odamlar, menga bu ishimda fatvo-maslahat beringlar. Men to sizlar guvoh bo‘lmaguningizcha biron ish haqida hukm qilguvchi emasman».
33. Ular dedilar: «Bizlar kuch-quvvat va jur’at-matonat egalaridirmiz. (Qanday ishga) buyurish sening o‘zingga havola. Bas nimaga buyurishni o‘ylab ko‘raver, (bizlar esa senga itoat eturmiz)».
34. U aytdi: «Aniqki podshoxlar qachon biron qishloqqa (bostirib) kirsalar uni vayron eturlar, aholisining obro‘-e’tiborlilarini esa hor-zor qilurlar. Ularning qilmish-odatlari shudir.
35. Men ularga bir hadya yuborib, ko‘ray-chi, elchilarim nima (xabar) bilan qaytar ekanlar».
I z o h. Bilqiys dono malika edi. U hadya yuborish bilan Sulaymon alayhis-salomning haqiqiy payg‘ambarmi yoki oddiy bosqinchi podshohmi ekanligini imtihon qiladi. Malikaning fikri shunday edi: «U agar oddiy podshoh bo‘lsa, hadyani darhol qabul qiladi, demak unga qarshi hujum uyushtirish ham mumkin bo‘ladi. Endi agar u Alloh taoloning payg‘ambari bo‘lsa, hadya qabul qilmaydi, u holda unga bo‘ysunish lozim bo‘ladi».
36. Bas qachonki (Bilqiysning elchilari uning yuborgan hadyasini olib) Sulaymon (huzuriga) kelgach u dedi: «Sizlar menga mol-dunyo bilan madad bermoqchimisiz?! U holda (bilingizki, Alloh menga ato etgan (payg‘ambarlik va mulku-davlat) U zot sizlarga bergan (mol-dunyodan) yaxshiroqdir. Balki sizlar hadyalaringiz bilan xursand bo‘larsizlar, (lekin mening unga ehtiyojim yo‘qdir).
37. Sen (qavmingga) qaytib borib (aytginki, agar huzurimga bo‘yinsungan hollarida kelmasalar) albatta biz ularga shunday qo‘shin bilan borurmizki, ular unga aslo bas kela olmaslar va albatta biz ularni (qishloqlaridan) mag‘lub hollarida quvib chiqarurmiz».
I z o h. Bilqiysning elchisi uning oldiga hadya bilan qaytib borib Sulaymon alayhissalomning javoblarini yetkazgach, u «Bu oddiy podshoh emasligini bilgan edim», dedi va Sulaymon payg‘ambarga: «Men sening kimligingni va da’vat qilayotgan dining qanday din ekanligini bilish uchun o‘z a’yonlarim bilan huzuringga bormoqdaman», degan xabar bilan chopar yuborib, o‘zi o‘n ikki ming odam bilan yo‘lga tushdi. Qachonki ular Sulaymon alayhis-salomning qarorgohlariga yetib kelishlariga bir farsax (olti chaqirim atrofida) qolganida u zot bundan xabar topib, ularga o‘zining haq payg‘ambar ekanligini isbotlaydigan bir mo‘‘jiza ko‘rsatish va malika Bilqiysning fahmu-farosatini sinash maqsadida qo‘l ostidagi xaloyiqqa qarab:
38. «Ey odamlar, ular mening huzurimga bo‘ysungan hollarida kelishlaridan ilgari qaysi birlaringiz menga uning (ya’ni Bilqiysning o‘z shahrida qolgan) taxtini keltira olur», dedi.
39. (Shunda) jinlardan bir paxlavoni aytdi: «Men uni sen o‘rningdan turishingdan ilgari senga keltirurman. Albatta men bunga qodir va ishonchlidirman».
40. Kitobdan ogoxligi bor bo‘lgan bir zot esa: «Men uni ko‘zing o‘zingta qaytgunicha (ya’ni ko‘z ochib yumguncha) senga keltirurman», dedi. «Bu Parvardigorimning men shukr qilamanmi yoki kufroni ne’mat qilamanmi, imtihon etish uchun bergan fazlu-marhamatidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘z (foydasi) uchun shukr qilur. Kim kufroni ne’mat qilsa, bas, albatta Parvardigorim (uning shukr qilishidan) behojat va fazlu-karam egasidir».
41. (Qachonki malikaning kelishi yaqinlashib qolgach, Sulaymon unin fahmufarosatini sinash uchun) dedi: «Uning taxtini tanimaydigan qilib — o‘zgartirib qo‘yinglar u (o‘z taxtini tanishga) topurmi yoki yo‘l topa olmaydigan kimsalardan bo‘lurmi, ko‘rurmiz».
42. Endi qachonki u kelgach: «Sening taxting shundaymidi?» — deyildi. U (hayratga tushib): «Xuddi o‘shaning o‘zi-ku» dedi. (Shunda Sulaymon aytdi: «Alhamdulillohki), bizlarga undan ilgari ilm-ma’rifat berilib, musulmon bo‘lganmiz.
43. Uni esa o‘zi Allohni qo‘yib, ibodat qilgan narsasi (Allohga shirk keltirib, musulmon bo‘lishdan) to‘sgandir. Chunki u kofir qavmdan edi».
44. (Malikaga): «Saroyga kirgin», deyildi. Endi qachonki u (saroyni) ko‘rgach, uni suv (to‘lqin) deb o‘ylab oyoqlarini ochgan edi, (Sulaymon): «Bu oynadan yasalgan baland qasrdir», dedi. Shunda malika) aytdi: «Parvardigorim, darhaqiqat men (quyoshga sig‘inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon bilan birga barcha olamlar hojasi — Allohga bo‘yinsundim».
45. Kasamki, Biz Samud (qabilasi)ga birodarlari Solihni payg‘ambar qildik. (U): «Allohga ibodat qilingiz», (dedi). Bas banogoh ular talashib-tortishadigan ikki guruh bo‘lib oldilar.
46. (Samud qabilasidagi kofir bo‘lgan guruh Solihga: «Agar chin payg‘ambar bo‘lsang, bizlarni qo‘rqitayotgan azobingni keltir-chi», deganlarida) u aytdi: «Ey qavmim, nega sizlar yaxshilik-rahmatdan ilgari yomonlik-azobni shoshtirmoqdasiz?! Sizlarga rahm-shafqat qilinishi uchun Allohdan mag‘firat so‘rasangizlar bo‘lmasmi?!»
47. Ular dedilar: «Bizlar (boshimizga tushgan ocharchilik-qahatchilik) sening va sen bilan birga bo‘lgan (mo‘minlarning) shumqadamligidan deb bildik». U aytdi: «Sizlarning (boshingizga tushgan) baxtsizlik Alloh huzuridandir. Balki sizlar imtihon qilinayotgan qavmdirsiz».
48. U shaharda (o‘zlarini) o‘nglamay yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan to‘qqiz nafar kimsa bor edi.
49. O’shalar Alloh nomiga qasam ichishib (bir-birlariga) aytdilar: «Albatta (Solihni) va uning axli-tobe’larini tunda halok qilurmiz, so‘ngra uning valiyhomiysiga: «Bizlar (na Solihning va na) uning axli-tobe’larining halokatiga guvoh bo‘lgan emasmiz. Albatta bizlar rostgo‘y kishilardirmiz», deymiz».
50. Ular (Solih va uning tobe’lariga qarshi o‘z) makrlarini qildilar. Biz ham ular sezmagan hollarida (ularni halok qilish bilan) bir «makr» qildik.
51. Endi ularning qilgan makrlari oqibati qanday bo‘lganini ko‘ring — Biz ularni va barcha qavmlarini halok qildik.
52. Mana, ular zolim bo‘lganliklari sababli uylari huvillab qoldi! Albatta bunda biladigan qavm uchun oyat-ibrat bordir.
53. Iymon keltirgan va taqvodor bo‘lgan zotlarga esa najot berdik.
54. Lutni (eslang). O’shanda u qavmiga aytgan edi: «Sizlar ko‘rib-bilib turgan holingizda buzuqlik qilurmisizlar?!
55. Sizlar xotinlaringizni qo‘yib, shahvat bilan erkaklarga yaqinlashurmisizlar?! Yo‘q, sizlar johil qavmdirsiz!»