Bir kun savol berdi yoshgina o‘g‘lon:
- Nechun Allohim deb yig‘laysiz nolon.
Dedim, javobimdan bo‘lmagin hayron,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa. Tinimsiz aldasa muhit, makoning,
Tortsa oyog‘ingdan do‘stu yoroning.
Shunday o‘tar bo‘lsa har zum, har oning,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Noshukur emasman dunyoda garchand,
Qaydadir menga ham bor balki dilband
Va lekin tiriklay kuydirsa farzand,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Insofu ishonch ham shirin so‘z bari,
Tiriklik toshqindir yoki ko‘pkari.
To hayot ekansan qochgaydir nari,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Shunchalar kaj erur dunyoi gardun,
Undan diyonatni axtarmoq nechun,
Padar shod o‘z o‘g‘lin bag‘rin etsa xun,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Mingta ko‘z poylaydi bitta joningni,
Joningmas, martabang, balki shoningni,
O’t qo‘ymay yoqarlar xonumoningni,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Bu ko‘hna dunyoda yashadim nega,
Yaydoq ot misoli bo‘ldim beega.
Malomat qilurman, olomon, senga:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Mendan ranjimasin bo‘lsa do‘st agar,
Balki ularning ham dilida kadar,
Hoynahoy mendaylar degay muqarrar:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
Umr ham oxirlab bormoqda sekin,
Endi sarg‘aymoqda men ekkan ekin.
Mayli, sen o‘zingga suyangil, lekin,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa